Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan 2025-yil may oyi yurtimiz boʻylab “Sportchi – yurt himoyachisi!” shiori ostida sport oyligi deb eʼlon qilindi. Mazkur tashabbusdan asosiy maqsad yoshlar, xususan, talabalarning jismoniy faolligini oshirish, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish hamda vatanparvarlik tuygʻusini kuchaytirishdan iborat. Qolaversa, bu kabi tadbirlar talabalarda jamoa boʻlib ishlash, hamjihatlik kabi koʻnikmalarni rivojlantiradi.
Sport oyligi doirasida Urganch davlat pedagogika institutida sportning turli yoʻnalishlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazilmoqda. Kuni kecha professor-oʻqituvchilar, xodimlar va talabalar oʻrtasida navbatdagi sport bellashuvlari boʻlib oʻtdi. Ishtirokchilar voleybol, armresling, arqon tortish, badminton, stol tennisi, shaxmat-shashka boʻyicha jismoniy va aqliy salohiyatini sinovdan oʻtkazdi.
Musobaqalarda Sport vazirligi boshqarma boshligʻi Sherzod Olimov, viloyat sport boshqarmasi boshligʻi Nodira Jumaniyozova hamda institut rektori Feruza Madrahimova ham qatnashib, yoshlarni ruhlantirdi. Bellashuvlardan soʻng mehmonlar talabalar bilan uchrashdi. Shuningdek, sport musobaqalari gʻoliblari taqdirlandi, deyiladi institut axborot xizmati xabarida.









