Urganch xalqaro aeroporti vaqtincha yopiladi

    Urganch xalqaro aeroporti uchish-qoʻnish yoʻlagi kapital taʼmirlanishi munosabati bilan shu yilning 7-avgustigacha oʻz faoliyatini toʻxtatadi. Reyslar Nukus xalqaro aeroportiga yoʻnaltiriladi

    Bu haqda Oʻzbekiston aeroportlari maʼlum qildi.

    Uchish-qoʻnish yoʻlagining uzoq muddatdan beri ishlashi hamda havo kemalarining qoʻnishi va uchishi xavfsizligini taʼminlash maqsadida kapital qurilish va taʼmirlash ishlari olib boriladi. Xususan, uzunligi 3000 m va eni 16 m boʻlgan uchish-qoʻnish yoʻlagi yuzasini butunlay almashtirish va mustahkamlash rejalashtirilgan. Shuningdek, ikkinchi va uchinchi yurish yoʻlaklari kapital taʼmirlanadi.

    Urganch aeroportining uchish-qoʻnish yoʻlagi kapital taʼmirdan soʻng Boeing 787 va Airbus A330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qila oladi.

    Urganch shahridagi uchish-qoʻnish yoʻlagini kapital rekonstruksiya qilish oxirgi marta 1997-yilda, shikastlangan qismlarini qisman taʼmirlash esa 2018-yilda amalga oshirilgan edi.

    Rekonstruksiya davrida barcha rejalashtirilgan reyslar Nukus xalqaro aeroportiga yoʻnaltiriladi, yoʻlovchilar Nukus va Urganch aeroportlari oʻrtasida transferlar bilan taʼminlanadi. Parvozlar haqida qoʻshimcha maʼlumot olish uchun aviakompaniyalarga murojaat qilish tavsiya etiladi.