Urganchda ichki ishlar xodimiga 1000 AQSH dollari taklif qilgan shaxs qoʻlga olindi

    Xavfsizlik 21 Sentabr 2020 956

    Urganch tumanida ichki ishlar xodimiga pora berishga uringan shaxs qoʻlga olindi

    Xorazm viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan 16-sentyabr kuni Urganch tumanida oʻtkazilgan navbatdagi tezkor tadbir jarayonida, 1974-yilda tugʻilgan, M.S. oʻz uyida 4 tup kannabis oʻsimligini yetishtirayotgani aniqlandi.

    M.S. jinoiy javobgarlikdan qutilib qolish maqsadida, qilmishlarini fosh etgan ichki ishlar xodimiga 1000 AQSH dollari miqdorida pora taklif qilgan. Tezkor xodim “pora berish ham, uni olish ham jinoyat” ekanligini bir necha bor taʼkidlagan boʻlsada, M.S. oʻz niyatidan qaytmadi.

    Ichki ishlar organi xodimining rahbariyatga bergan xabari asosida prokuratura xodimlari ishtirokida oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida, taklif etilgan summaning bir qismini, yaʼni 500 AQSH dollarini pora tariqasida berayotgan M.S. jinoyat ustida qoʻlga olindi.

    Mazkur holat yuzasidan M.S. ga nisbatan prokuratura tomonidan Jinoyat Kodeksining 270-moddasi 1-qismi (Taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) va 211-moddasi 1-qismi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati