“Urgut” erkin iqtisodiy zonasini yana-da kengaytirish va rivojlantirish zarur

    Hukumat 16 Aprel 2021 2509

    Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati faollar yigʻilishida Urgut tumaniga alohida eʼtibor qaratdi.

    — Urgut tumanida 550 ming odam yashaydi. Bu esa baʼzi viloyatlar aholisi bilan teng. Bu tumanga alohida eʼtibor kerak. Xususan, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasini yana-da kengaytirish va rivojlantirish zarur.

    Umurzoqov, Voitov, Turdimov banklar bilan birga, bir oy muddatda “Urgut” zonasida yangi ishlab chiqilgan 144 million dollarlik 21 ta loyiha uchun zarur miqdorda kredit ajratishni taʼminlasin. Shuningdek, bir oy muddatda, Urgutni sanoatni rivojlantirishga ixtisoslashgan innovatsion va investitsion tumanga aylantirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasi qarorini kiritilsin.

    Bunda, Urgut tumanini toʻliq erkin iqtisodiy zonaga aylantirish, viloyatning barcha hududlarida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining filiallarini tashkil etish nazarda tutilsin.

    Ushbu yangi hududlarda infratuzilmalarni qurish uchun Arab muvofiqlashtirish guruhi institutlaridan mablagʻ jalb etish lozim.

    Shuningdek, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi negizida “xolding kompaniya” tashkil etiladi va uning rahbari bir vaqtning oʻzida viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari boʻladi.

    Umurzoqov, Voitov, Turdimov “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi va uning filiallarida polietilen mahsulotlarini chuqur qayta ishlash loyihalariga 500 million dollar, elektrotexnika sanoati loyihalarini amalga oshirish uchun 250 million dollar jalb etish choralarini koʻrsin.

    “Urgut” erkin iqtisodiy zonasiga berilgan imtiyozlarni barcha tuman va shaharlarga qoʻllash hamda har biriga kamida 50-100 million dollar investitsiyalarni jalb qilish hisobiga, 200 gektar maydonda umumiy qiymati 1 milliard dollarlik qoʻshimcha sanoat loyihalarini amalga oshirish lozim.

    Ushbu loyihalarni sifatli ishlab chiqish va ijrosini tizimli taʼminlash uchun Loyihalar fabrikasining “Urgut ofisi” tashkil qilinadi.

    Tumanda taʼlimga ham katta eʼtibor lozim. Urgutdan juda koʻp talabalar Samarqandga qatnab, oʻqiydi. Shu sababli Samarqand davlat universitetining Urgut filialini tashkil qilish ham nazarda tutilsin. Ushbu filialda tibbiyot fakulteti ham boʻlishi maqsadga muvofiq.

    Filialni tashkil etish uchun bino tayyor, uning taʼmiri uchun kerakli mablagʻ ajratiladi, — dedi Prezident.