Hududdagi aholi uy-joy, kanalizatsiya, ichimlik suvi, maktab, bogʻcha, shifoxona, biznes infratuzilmasi bilan bogʻliq masalalar yechimini anchadan beri kutayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Shuning uchun Prezidentimiz Urgut markaziga “Yangi Oʻzbekiston” qiyofasini olib kirib, yurtimizdagi eng zamonaviy va koʻrkam shaharlardan biriga aylantirish boʻyicha alohida qarorni imzoladi.
Tumanning “Quyi Kamangaron” mahallasidagi “Yangi Oʻzbekiston” massiviga tutash hududdan 90 gektar qoʻshimcha joy ajratib, zamonaviy urbanistika asosida 100 ming aholiga moʻljallangan zamonaviy eko-shahar barpo etilishi eʼlon qilindi.
Yangi shaharda yoʻl, suv, kanalizatsiya, elektr, maktab, bogʻcha, shifoxona va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish, tadbirkorlik loyihalari uchun 50 million dollar ajratiladi.
Yangi shaharning 3 gektar maydonida tumanning 35 ta tashkiloti uchun yagona maʼmuriy markaz qurib beriladi. Ularning boʻshagan binolari esa biznes uchun xususiy sektorga taklif qilinadi.
Prezidentimiz yirik sanoat korxonalarining oʻz ishchilari uchun korporativ buyurtma asosida bunday uylarni sotib olish boʻyicha tashabbuslarini maʼqulladi.
Keyingi yildan bunday korxonalarni ragʻbatlantiradigan mexanizmlar joriy qilinadi va butun respublikaga tatbiq etiladi.








