Soʻnggi yillarda kitobga va kitobxonlik madaniyatiga boʻlgan munosabat yangi bosqichga koʻtarildi.
Prezidentimiz xalqimizda kitob oʻqish madaniyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratib, “Kerak boʻlsa, mashina berib boʻlsa ham xalqimizni kitob oʻqishga oʻrgatamiz”, degan fikrlarini amalda tasdiqlamoqda.
Bugun “Yosh kitobxon”, “Kitobxon oila”, “Kitobxon mahalla” singari tanlovlar respublika miqyosida oʻtkazilib, gʻoliblar Prezident sovgʻasi sifatida avtomashina bilan taqdirlanmoqda.
Abdusaid Koʻchimov tashabbusi va Urgut tumani hokimligi koʻmagida tashkil etilgan mazkur kutubxona ham ana shunday ezgu tashabbuslarning amaliy ifodasi boʻldi.
Maʼnaviyat maskanining ochilish marosimida viloyat hokimining oʻrinbosari Husan Toʻxtayev soʻzga chiqib, mazkur kutubxona yoshlar va aholi oʻrtasida kitobxonlikni targʻib etishga xizmat qilishini taʼkidlab, Abdusaid Koʻchimovga viloyat hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovgʻalarini topshirdi.
Tadbirda respublikadan kelgan taniqli yozuvchi va shoirlar ham ishtirok etib, adib hayoti va ijodi, oʻzi tugʻilib oʻsgan mahallada tashkil etgan kutubxona haqida iliq fikrlar bildirdi.
— Abdusaid Koʻchimov nafaqat qalami oʻtkir jurnalist va adib, balki qalbida yurti, xalqi, ayniqsa, yoshlar taqdiri uchun qaygʻuradigan chin maʼnaviyat fidoyisi, — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Hojimatov. — Mana, bugun ijodkorning oʻzi tugʻilib oʻsgan qishlogʻida uning tashabbusi bilan tashkil kutubxona fikrimizning tasdigʻidir. Bu maskanda maʼrifatning ruhi, ustoz soʻzining nafasi va ibrati bor. Yoshlar bu yerga faqat kitob oʻqish uchun emas, balki oʻz ustida ishlash, hayotda toʻgʻri yoʻl topish uchun ham keladi. Ishonamanki, bu kutubxona Dehqonobod mahallasida yangi maʼnaviy muhit, yangi ilhom va yangicha fikrlashni shakllantiradi.







