Urgutda Tojikiston homiyligida qurilgan maktab foydalanishga topshirildi

    Xalqaro hamkorlik 10 Iyun 2021 1737

    Ayni damda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Tojikiston Respublikasida boʻlib turibdi.

    Tashrif doirasida toʻgʻridan-toʻgʻri Dushanbe shahriga uzatilgan videoaloqa orqali Samarqand viloyati, Urgut tumanida Tojikiston Respublikasi homiyligi asosida qurilgan yangi maktabning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Maktabning rasmiy ochilish marosimi ikki davlat rahbarlarining ramziy tugmachani bosishi orqali boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan tantanali ochilish marosimida Tojikiston Respublikasi Taʼlim va fan vaziri boshchiligidagi delegatsiya, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri, Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari, Samarqand viloyati hokimligi mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

    640 oʻrinli yangi taʼlim muassasasi zamon talablari asosida barpo etilgan boʻlib, 3 qavatli bino, 26 ta oʻquv xonalari, kimyo, biologiya, fizika laboratoriya xonalari, AKT, sport zal, oshxona bilan jihozlangan.

    Ikki mamlakat vakillari maktabda oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

    Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yilning sentyabr oyida Oʻzbekiston mablagʻlari hisobiga bunyod etilgan umumtaʼlim maktabi Tojikiston Respublikasining Soʻgʻd viloyatida qurib foydalanishga topshirilgan edi.