Saramqand viloyatida 2021-yil hosili uchun 4 ming 470 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 94 ming 230 gektar suvli maydondagi kuzgi boshoqli don ekinlaridan yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan yigʻishtirib olish yuzasidan oʻrim-yigʻim mavsumi uyushqoqlik bilan oʻtkazilmoqda.

Mavjud 292 ta gʻalla oʻrish kombaynlari bilan bir kunda oʻrtacha 3 ming 200 -3 ming 300 gektar yer maydonidagi boshoqli don ekinlari yigʻishtirib olinmoqda.

2021-yil hosili uchun Urgut tumanida 411 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 3 ming 40 gektar yer maydoniga boshoqli don ekinlari ekilgan boʻlib, davlatga 7 ming 908 tonna, yaʼni 6 ming 908 tonna tovar don, 1000 tonna urugʻlik don topshirish rejalashtirilgan.

Gʻalla oʻrim-yigʻim mavsumini uyushqoqlik bilan oʻtkazish maqsadida 14 ta guruhlar tashkil etilgan boʻlib, 14 ta yuqori unumli gʻalla oʻrish kombaynlaridan foydalanilmoqda.

— Har bir gʻalla oʻrish kombaynlari bilan bir kunda oʻrtacha 50-60 tonnadan ortiq bugʻdoy yigʻishtirib olinmoqda, — deydi Agroinspeksiyaning Urgut tumani boʻlimi boshligʻi Azamat Xoliqov. — Oʻrim-yigʻim mavsumini betalofat oʻtkazish, kombaynlarning toʻxtovsiz ishlashi uchun har biriga ikkitadan operator, don tashish uchun 4 tadan yuk mashinasi biriktirildi. “Oʻzagroinspeksiya”ning Urgut tumani boʻlimi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorlikda gʻalla oʻrish kombaynlari uchun yonilgʻi-moylash materiallarining bevosita dalaning oʻziga yetkazilishi, qabul maskanlariga joʻnatilayotgan tovar va urugʻlik bugʻdoyning sifati, mexanizator va otryadlar aʼzolarining dam olishlari uchun sharoitlarning yaratilishi singari masalalar yuzasidan doimiy ravishda monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazmoqda.

Shuningdek, inspeksiya organlarining bevosita tashabbusi bilan gʻalla oʻrish kombaynlariga servis xizmati koʻrsatishning joriy etilgani kombaynlarning ish unumdorligini oshirmoqda.

Koʻrilgan chora-tadbirlar samarasi oʻlaroq bugun urgutlik gʻallakorlar ham tovar don topshirish yuzasidan shartnomaviy rejani uddalashdi. Qabul maskanlariga 6 ming 908 tonna tovar don yetkazib berildi. Ayni kunlarda rejada belgilangan 1 ming tonna urugʻlik don topshirish yuzasidan astoydil mehnat qilinmoqda.

Jumladan, tumandagi “Oxunboboyev” agrofirmasida 50,5 gektar, “Vatkan” agrofirmasida 12,5 gektar, “Jartepa” agrofirmasida 110,5 gektar, “Nurafshon” agrofirmasida 30 gektar, “Qayroqli” agrofirmasida 65,5 gektar, “Baxrin” agrofirmasida 18 gektar, “Q.Raximov” agrofirmasida 23 gektar va “Taroqli” agrofirmasida 23 gektar urugʻlik gʻallani qisqa muddatlarda oʻrib-yigʻib olishga harakat qilinmoqda, deb xabar beradi Agroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.

Inspeksiyaning Urgut tuman boʻlimi inspektorlari tomonidan  urugʻlik don navlari bir-biriga aralashmasligi maqsadida doimiy ravishda nazorat tadbirlari oʻtkazilib, bir turdagi nav oʻrilib boʻlgandan soʻng ikkinchi navli bugʻdoyni oʻrishdan oldin kombayn tozalanishi yuzasidan toʻliq nazorat oʻrnatilgan.