Urugʻchilik hamda pistachilik ilmiy markazlari tashkil etiladi

    Agrosektor 3 Fevral 2023 1293

    Hukumat qarori (51-son, 02.02.2023-y.) bilan 2023–2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida urugʻchilik va koʻchat yetishtirishni rivojlantirish milliy dasturi tasdiqlandi.

    Milliy dasturning ustuvor yoʻnalishlaridan biri qishloq xoʻjaligi ekinlarining sifat koʻrsatkichlari jahon andozalari talablariga mos boʻlgan, yuqori hosildor navlarini yaratishda xorijiy tajribalar almashish hamda mahalliy navlar va F1 duragaylarini yaratish hisoblanadi.

    Qarorga koʻra, quyidagilar tashkil etiladi:

    Oʻzbekiston – Serbiya qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligi ilmiy markazi;

    Oʻzbekiston – Turkiya pistachilik ilmiy markazi.

    Xorijiy va mahalliy genofonddan samarali foydalangan holda qishloq xoʻjaligi ekinlarining nav hamda duragaylarini yaratish tizimini yanada takomillashtirish va ushbu sohaga ilgʻor xalqaro tajribani joriy etish urugʻchilik ilmiy markazining asosiy vazifalaridan biri sanaladi.

    Shuningdek, mahalliy sharoitlarga mos, serhosil pista navlarini yaratish, ularning kolleksiyasini tashkil qilish pistachilik ilmiy markazining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.