USAID bilan hamkorlikda yangi taʼlim standartlari ishlab chiqiladi

    Ta'lim 14 Yanvar 2021 544

    Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi USAID bilan hamkorlikda yangi taʼlim standartlarini ishlab chiqadi.

    Xalq taʼlimi vazirligi AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda maktab oʻquvchilari uchun sinflar va fanlar boʻyicha oʻzlashtirishning yangi standartlarini joriy etyapti.

    Xar bir sinf darajasida oʻquvchilar bilimini aniq talablar asosida belgilash vazirlikka kerakli koʻnikmalarni oʻrgatadigan oʻquv dasturlari, darsliklar va oʻqituvchilar uchun qoʻllanmalarni ishlab chiqish imkonini beradi. Bu Oʻzbekiston iqtisodiyotida muvaffaqiyatli boʻlishi uchun zarur boʻlgan tanqidiy fikrlash, muammolarni hal qilish va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan maktab bitiruvchilarini yetishtirib beradigan sifatli taʼlim tizimini yaratishning fundamental elementlaridan biridir.

    Joriy yilning 14-yanvaridan 1-fevralgacha boʻlgan davrida taʼlim sohasining 60 dan ortiq mutaxassislari Xalq taʼlimi vazirligi va USAID tomonidan moliyalashtirilgan “Oʻzbekistonda barkamollik uchun taʼlim dasturi” bilan hamkorlikda oʻtkaziladigan taʼlim standartlarini taqriz qilish boʻyicha seminarda ishtirok etadi. Seminarning maqsadi vazirlik xodimlarini ona tili va matematika fanlaridan (1-4 sinflar uchun) hamda informatika va axborot texnologiyalari fanidan (1-11 sinflar uchun) taʼlim standartlarining loyihasini taqriz qilishga tayyorlashdan iborat.

    Xalq taʼlimi vazirligi umumiy oʻrta taʼlim tizimini tizimli va kompleks isloh qilishning ulkan dasturini amalga oshirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. USAID vazirlikni islohotlarni amalga oshirishda qoʻllab-quvvatlash uchun 2019-yilning dekabr oyida toʻrt yillik “Oʻzbekistonda barkamollik uchun taʼlim dasturi” ning ijrosini boshladi. Dastur AQSHning Research Triangle Institute (RTI) va uning hamkorlari boʻlgan Florida davlat universiteti va Missisipi davlat universiteti tomonidan amalga oshiriladi, deb xabar beradi AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.