Uchrashuv doirasida tomonlar Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Shuningdek, uchrashuvda USAIDning Agrobiznesni rivojlantirish dasturi orqali qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga koʻmaklashish uchun oʻzaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan oʻzaro Anglashuv memorandumi imzolandi.

Vazir Jamshid Xodjayev birinchi navbatda Pol Politis hamda Mikaela Mereditni Oʻzbekistondagi yangi tayinlov bilan qutladi va ularga muvaffaqiyat tiladi.

“Biz AQSH hukumatining qishloq xoʻjaligiga texnik yordam koʻrsatish, agro — oziq — ovqat tizimlarining ishlab chiqarish va sotish zanjirlari salohiyatini rivojlantirish borasidagi koʻmagini juda qadrlaymiz, — dedi vazir. — Qishloq xoʻjaligida davlat boshqaruvining zamonaviy tizimini va qulay agrobiznes muhitini yaratishga intilish ketyapti. Vazirlik Oʻzbekistonda agro — oziq — ovqat sohasini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasiga muvofiq asosiy islohotlarni faol amalga oshirishni boshlab yuborgan. Shu nuqtayi nazardan, USAIDning agrobiznesni rivojlantirish boʻyicha 18,9 million dollarga baholangan yangi loyihasi (ADA) birgalikdagi tashabbuslarimizni kuchaytirish hamda avvalgi “Qishloq xoʻjaligidagi qoʻshilgan qiymat zanjiri” loyihasi yutuqlarini kengaytirish uchun qulay imkoniyatga aylanadi.

Tadbir davomida USAID Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligida band boʻlgan ayollarni qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshimcha 1 million dollar ajratishini maʼlum qildi. Ushbu mablagʻlar qishloq ayollarining axborot texnologiyalari borasidagi va tadbirkorlik koʻnikmalarini takomillashtirish, ularga tijorat korxonalarini ochish va mahalliy korxonalarga rasmiy ishga joylashishlariga koʻmaklashish uchun tasarruf etiladi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

“Oʻn yildan ziyod vaqt mobaynida USAID Oʻzbekiston hukumati va xususiy sektori bilan yuqori qiymatli tovarlarni yaratish maqsadida qishloq xoʻjaligini diversifikatsiyalash boʻyicha hamkorlik qilib keladi, — dedi USAIDning Oʻzbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit. — Ushbu kelishuv mamlakatda olib borilayotgan hamkorlikdagi faoliyatimizni yana-da mustahkamlaydi va oʻzbekistonlik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga chakana savdoda, mahalliy hamda xalqaro bozorlarga chiqishda raqobatbardoshlikni oshirishga yordam beradi”.

2020-yilning iyul oyida oʻz faoliyatini boshlagan USAIDning Agrobiznesni rivojlantirish dasturi — maqsadli qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga qoʻshimcha qiymat qoʻshishning yangi texnologiyalari va boshqaruv amaliyotini joriy etish orqali Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi sohasida xususiy sektor ulushining oʻsishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan besh yillik loyihadir. Mazkur saʼy-harakatlar Oʻzbekistonda yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni koʻpaytirish, ayollar va yoshlarni sohaga jalb qilish, taʼlim muassasalarini xususiy sektor ehtiyojlari bilan uygʻunlashtirish va qishloq xoʻjaligi uchun qulay siyosatni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Ushbu loyiha doirasida shuningdek, Agrobiznesni rivojlantirish jamgʻarmasi oʻz faoliyatini boshlagan boʻlib, ushbu jamgʻarma Oʻzbekiston boʻylab xususiy agrobiznes korxonalarining innovatsion gʻoyalarini moliyalashtiradi.