Marosimda USAIDning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Jizzax viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi vakillari ishtirok etdi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi, AQSH Hukumati va xalqaro sheriklarning birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida, Oʻzbekiston tuberkulyoz va u bilan bogʻliq oʻlim holatlarini kamaytirish borasida katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Shu bilan birga, kasallikning dorilarga chidamli shakllari Oʻzbekistonda hali-hamon jiddiy muammo boʻlib turibdi. USAID tuberkulyozning dorilarga chidamli shakllarini aniqlash va davolash borasidagi mahalliy va mintaqaviy salohiyatni yuksaltirish orqali Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoda uning yukini kamaytirish yoʻlida faol ishlarni amalga oshiryapti.
Tadbir davomida USAIDning Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish boʻlimi rahbari Cherri Gumapas shunday dedi: “Bugungi tadbir USAID bilan Oʻzbekiston oʻrtasida hududlar, shu jumladan Jizzax viloyatidagi tibbiyot xizmatlarini yaxshilash maqsadida davom etayotgan sheriklikning yorqin misolidir. Hamkorligimiz Oʻzbekiston fuqarolarining salomatligini mustahkamlash va farovonligini oshirishga xizmat qiladi”.
Qiymati qariyb 75 000 dollarga teng mazkur asbob-uskunalar, shu jumladan elektron termometrlar, stetoskoplar hamda pulsoksimetrlar, viloyat tibbiyot muassasalariga oʻz vaqtida va samarali yordam koʻrsatish, surunkali kasalliklari boʻlgan bemorlarga tezda tashxis qoʻyish va davolash imkonini beradi.
Tibbiy asbob-uskunalar AQSHning Welch Allyn ishlab chiqaruvchi kompaniyasi tomonidan USAIDning “Markaziy Osiyoda tuberkulyozni tugatish boʻyicha” loyihasi doirasida hadya etilgan boʻlib, Jizzax viloyati ftiziatriya va pulmonologiya markazi, viloyatdagi tuberkulyoz dispanserlari, kasalxona va poliklinikalariga tarqatiladi, deb xabar beradi AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.