USAID Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi meva-sabzavot eksportyorlari haqida maʼlumotnoma nashr etdi

    Agrosektor 19 Oktabr 2020 579

    Oʻzbekiston – AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) butun dunyo boʻylab potensial xaridorlarga batafsil maʼlumot tarqatish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi meva-sabzavot eksport qiluvchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani nashr etdi.

    Maʼlumotnomada Qozogʻiston, Qirgʻiziston Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistondagi 120 dan ortiq eksport qiluvchilarning mahsulotlari (toifalari boʻyicha), brendlari, savdo kanallari va bogʻlanish uchun axborot haqida batafsil maʼlumotlar keltirib oʻtilgan. Ushbu maʼlumotnoma transport xarajatlari hisob-kitobi va meva-sabzavot mahsulotlarini Markaziy Osiyodan asosiy eksport bozorlariga yetkazib berish uchun yuk tashish vaqtini hisoblashga oid maxsus boʻlimni ham oʻz ichiga olgan.

    Asrlar davomida Markaziy Osiyo hududida keng koʻlamda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirilib kelingan va sotilgan. Hozirgi kunda yetishtiruvchilarning koʻpchiligi oʻz savdo bozorlarini mintaqadan tashqarida kengaytirishga tayyor. Maʼlumotnoma USAIDning raqobatbardoshlik, savdo va ish oʻrinlarini yaratish loyihasi tomonidan amaliy katalog sifatida eksport qilishga tayyor va xohish bildirgan Markaziy Osiyo ishlab chiqaruvchilari, mahsulotni qayta ishlovchilar va savdo kompaniyalari, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlari roʻyxatini mintaqadan tashqarida namoyish etish uchun ishlab chiqilgan. Mazkur maʼlumotnoma import qiluvchilar, distribyutorlar, chakana xaridorlar va xalqaro koʻrgazmalar tashkilotchilari uchun moʻljallangan.

    Markaziy Osiyo meva-sabzavot eksport qiluvchilari oʻrtasida eksportning barcha bosqichlari toʻgʻrisida xabardorlikni oshirish uchun USAID yaqinda eksport bozorlariga chiqish qadamlarini tavsiflovchi maxsus qoʻllanmani ishlab chiqdi.

    Eksport boʻyicha qoʻllanmadan bozorni oʻrganish boʻyicha tavsiyalar, jahon andozalari toʻgʻrisida axborot, narxlarni shakllantirish, ragʻbatlantirish, mahsulotlarni qadoqlash, xalqaro koʻrgazmalar kabi maʼlumotlar oʻrin olgan. Qoʻllanmadagi maʼlumotlar muvaffaqiyatli eksport qilish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirishi koʻzda tutilgan, deb xabar beradi AQSHnig Oʻzbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.

    Ikkala nashr ham Markaziy Osiyo meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilariga eksportning yangi yoʻnalishlariga yoʻnaltirilgan holda raqobatbardoshlikni oshirishda va anʼanaviy bozorlarga bogʻliqlikni diversifikatsiya qilishda yordam beradi.