Ushbu vebinar ishtirokchilarga bozorlar talablarini yaxshiroq tushunishga, oʻzlari uchun yangi savdo bozorlarini aniqlashga va mahsulot sifati ustida ishlashga yordam berdi. Mazkur vebinar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti koʻmagida USAIDning “Markaziy Osiyoda raqobatbardoshlik, savdo va yangi ish oʻrinlarini yaratish” loyihasi hamda AQSH Savdo vazirligining “Tijorat huquqini rivojlantirish” dasturi tomonidan oʻtkazildi.

Afgʻoniston, Qozogʻiston, Qirgʻiz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistondan 100 dan ortiq qatnashchilar – shu jumladan ayol hunarmandlar, tadbirkor ayollar uyushmalari, nodavlat tashkilotlar, elektron tijorat platformalari va Afgʻoniston xotin-qizlar savdo-sanoat palatasi vakillari ishtirok etdi. Oʻquv tadbiri madaniy merosning qadriyatlari va milliy kiyimlar, gilamchalar va hunarmandchilik buyumlarini tayyorlash anʼanalari bilan marketing, oʻzaro aloqalar, elektron tijorat va onlayn savdo maydonchalaridan foydalanish sohalarida zamonaviy bilimlarni uygʻunlashtirishga imkon berdi. Tadbirda yakuniy isteʼmolchilar va korporativ xaridorlarga sotish boʻyicha katta tajribaga ega AQSHdagi tashkilotlar ham qatnashdi.

Yigirma yildan buyon butun mamlakat boʻylab 200 dan ortiq hunarmandlarga oʻz mahsulotlarini sotishda yordam berib kelayotgan Oʻzbekistondagi “Human House” galereyasining asoschisi va egasi Sayfi Lola oʻz nutqida shunday dedi: “Biz hunarmandchiligimizni olgʻa siljitish uchun yangi imkoniyatlarni faol oʻrganmoqdamiz va hamkorlik qiladigan barcha hunarmandlarning vakili sifatida sheriklikka tayyormiz hamda ushbu vaziyatdan chiqish yoʻllarini topishda ularga yordam beramiz deb umid qilamiz”.

USAID Markaziy Osiyo va Afgʻoniston hunarmand ayollari yaratgan ajoyib hunarmandchilik buyumlari bilan kengroq tanishishga yordam beruvchi elektron katalogini yaratadi. Bu yangi biznes modellari va elektron platformalar orqali bozorga kirishni kengaytirishga imkon berib, mahalliy anʼanalarni saqlab qolish, mahsulot sifatini koʻtarish va innovatsion texnologiyalarni qoʻllash orqali atrof-muhitga taʼsirini kamaytirishga yordam beradi. Umuman olganda, ushbu saʼy-harakatlar mintaqadagi hunarmandlar faoliyatining uzoq muddatli iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi, deb xabar beradi AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.