Dushanba kuni kunduzi respublika boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpogʻiston, Xorazm viloyati va Navoiy viloyatining choʻl hududlarida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Havo harorati +36…+41 daraja, Surxondaryo viloyatida baʼzi joylarda +42…+45 daraja atrofida boʻladi.
Kavkaz hududlaridan nisbatan biroz salqin havo kirib kelishi hisobiga seshanbadan issiq biroz pasayadi. Havo harorati ish haftasining oxirigacha +33…+38 daraja atrofida boʻladi. Respublikaning eng chekka janubida issiq havo massasining taʼsiri saqlanib turadi. Harorat asosan +39…+41 daraja, Surxondaryo viloyatida hafta oʻrtasiga kelib, baʼzi joylarda +42…+44 darajagacha boʻladi.
20-iyunda Fargʻona vodiysi viloyatlarida, shuningdek, kechasi va ertalab Toshkent viloyatida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.
Haftaning birinchi yarmida ob-havoning beqarorligi respublikaning togʻoldi va togʻli hududlarida saqlanib turadi — baʼzi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomgʻirlar yogʻadi. Dushanbaning ikkinchi yarmida va seshanbada baʼzi joylarda yomgʻir kuchli yogʻadi, doʻl yogʻishi ehtimoldan xoli emas.
19 va 20-iyun kunlari respublika boʻyicha baʼzi joylarda, 23-iyunda janubda va choʻl hududlarda shamolning kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzon bilan kuzatilishi kutilmoqda.
Poytaxtda havo biroz bulutli boʻladi, vaqti-vaqti bilan oʻzgarib turadi, yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat kechasi va ertalab 20-iyunda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Sharqiy yoʻnalishdagi shamol birozdan oʻrtachagacha esadi.
Faqat dushanbaning ikkinchi yarmida shamol tezligi 12−17 m/s gacha kuchayishi, baʼzi joylarda chang-toʻzon bilan kuzatilishi mumkin. Havo harorati 19-iyunda +38…+40 daraja, keyinchalik ish haftasining oxirigacha +35…+37 daraja boʻladi.