Ushbu ish haftasida yurtimizda qanday ob-havo kutiladi?

    Mamlakatimizda 5 Fevral 2024 559

    Bugun va ertaga Oʻzbekiston hududi boʻyicha quruq ob-havo saqlanib turadi, faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida ertaga kechga tomon baʼzi joylarda asosan jadalligi biroz boʻlgan yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻlishi mumkin.

    7-fevral chorshanba kuni respublikaning koʻpchilik viloyatlarida asosan yomgʻir koʻrinishidagi yogʻingarchilik boʻladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida yogʻingarchilik kutilmaydi.

    Ish haftasining ikkinchi yarmida 8-9-fevral kunlari Oʻzbekiston hududi boʻyicha yana quruq ob-havo boʻlishi kutilmoqda, faqat Toshkent viloyati va Fargʻona vodiysi viloyatlarida 8-fevralda kechasi va ertalab baʼzi joylarda yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻlishi mumkin.

    Togʻli hududlarda 7-8-fevral kunlari qor yogʻadi, baʼzi joylarda kuchli boʻladi.

    Respublikaning ayrim joylariga tuman tushishi mumkin.

    6-8-fevral kunlari shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda baʼzida 25-27 m/s gacha kuchayishi mumkin.

    5-7-fevral kunlari havo harorati asosan kechalari 0-5 daraja iliq, kunduz kunlari 7-12 daraja iliq, baʼzi joylarda 15 daraja iliqqacha boʻladi. 8-9-fevralda kechalari 2-7 daraja iliq boʻladi, kunduz kunlari 12-17 daraja iliqqacha asta-sekin koʻtariladi.

    Poytaxtimizda: bugun va ertaga yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi 1-3 daraja iliq, bugun kunduzi 9-11 daraja iliq, ertaga 13-15 daraja iliq boʻladi.

    7-fevralda vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, 8-fevralda kechasi va ertalab yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi, kunduzi yogʻingarchilik kutilmaydi. 9-fevralda yogʻingarchilik kutilmaydi.

    Harorat 7-9-fevralda kechalari 3-6 daraja iliq, kunduzi 7-fevralda 7-9 daraja iliq boʻladi, 8-9-fevralda 15-17 daraja iliqqacha asta-sekin koʻtariladi, deb xabar beradi Oʻzbekiston gidrometeorologiya xizmati agentligi.