Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyati boʻlimi jamoasi otaxon jurnalist, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Muhammadjon Otaqulovni yoʻqlab bordi.
Nurafshon shahrida istiqomat qilayotgan Muhammadjon ota uzoq yillar Toshkent viloyati matbuotida halol mehnat qilgan. 18 yoshida “Mashʼal” gazetasi tahririyatida jurnalistik faoliyatini boshlagan boʻlajak muharrir chuqur tahliliy-tanqidiy maqolalari bilan erta dong taratdi. Uning maqolalari doim markaziy matbuot eʼtiborida boʻldi.
Muhammadjon Otaqulov hozirgi “Yuqori Chirchiq hayoti” gazetasi bosh muharriri boʻlgan yillari nashr hayotida yangi sahifa ochildi. Gazetadagi maqolalar geografik va mazmun jihatidan yangi mundarija kasb etdi.
Ustoz jurnalistning fidoyi mehnatlari munosib eʼtirof etilib, u “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.
Uyushmaning viloyat boʻlimi raisi Rahmatilla Sheralev Muhmmadjon otani yoʻqlar ekan, usta muharrirga hayoti va koʻp yillik ijodiy faoliyati bilan hamisha yosh avlodga ibrat boʻlib kelayotganini eʼtirof etib, minnatdorlik bildirdi. Muhammadjon Otaqulovga yangilangan aʼzolik guvohnomasi tantanali ravishda topshirildi.
Yoʻqlov mobaynida Toshkent viloyatida faxriy jurnalistlar oʻrtasida shaxmat musobaqasini oʻtkazish va faxriylarning Samarqand shahriga ziyoratini tashkil etish taklifi ilgari surilib, faol qoʻllab-quvvatlandi.
Uyushmaning Toshkent viloyati boʻlimi tomonidan faxriy jurnalistlarni yoʻqlash davom etmoqda.
Otabek ISROILOV,
Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyati boʻlimi xodimi.