“Usti yaltiroq ichi qaltiroq” maktablar qachon yaxshilanadi?

    Tashvishli xabar 23 Avgust 2021 1972

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Sharafutdinov tomonidan Beshariq tumani, Shodlikobod MFYda istiqomat qiluvchi fuqarolardan kelib tushgan murojaat joyiga chiqib oʻrganildi.

    Hududda joylashgan 49-maktab bir vaqtlar koʻpkari oʻyini uchun tribuna vazifasini bajargan binolarni hashar yoʻli bilan moslashtirish hisobiga tashkil etilgan. 5 ta sinf xonasiga ega ushbu dargohda 220 nafar oʻquvchi oʻqiydi. Maktabda taʼlim berish sifati boʻyicha yaxshi natijalarga erishib kelinadi. Jumladan, maktabning 2019-2020 oʻquv yili bitiruvchilarining 50 foizi Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilingan. Shunga qaramasdan, ushbu maktabda oʻquvchilarga munosib sharoitlar yaratish borasidagi harakatlar ijobiy yechimsiz qolyapti.

    Maktabning holati “Usti yaltiroq ichi qaltiroq” qabilida, yaʼni, har yangi oʻquv yiliga tashqi taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, oʻquv yiliga tayyorlab kelinsada, uning binolari mustahkam emas.

    Maktab binolari yonida joylashgan ekin dalasiga suv qoʻyilganda, koʻpincha bino ostiga suv ketadi, boshlangʻich beton fundamentlari yer ostiga kirgan. Shu yerning oʻzida moslashtirilgan bolalar bogʻchasi ham joylashgan, u ham taʼmirga muhtoj.

    — Murojaat etgan fuqarolarning taʼkidlashiga koʻra, qariyb 10 yildan buyon tegishli tashkilotlarga dastur asosida maktabni toʻliq rekonstruksiya qilish va yangi binolar qurilishini soʻrab murojaatlar qilib kelgan. Mutasaddi tashkilotlarga qilingan ushbu murojaatlar afsuski, natijasiz qolyapti,— deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Sharafutdinov. — Masʼullar esa dasturga taklif tayyorlanganligi haqidagi maʼlumot berish bilan cheklanib kelgan. Aholi bilan uchrashuv va joyida oʻrganishlar asosida Xalq taʼlimi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirlari nomiga tegishli tartibda deputat soʻrovlari yuborildi.

    Umid qilamizki, tegishli tashkilotlar ushbu muammolarni tez fursatlarda ijobiy hal etilishiga koʻmaklashib, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga befarq emasliklarini namoyon etadilar.

    Sh.Toʻxtamatov, OʻzLiDeP Fargʻona viloyati Kengashi matbuot kotibi.