“Ustozga ehtirom” nomli tantanali tadbirda litsey rahbariyati, fidoiy ustozlar va oʻquvchi yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirni akademik litsey direktori Alisher Gʻaniyev kirish soʻzi bilan ochar ekan, ustozlarning mashaqqatli va sharafli kasb egalari ekanliklarini taʼkidlab, barcha murabbiylarni bayram bilan samimiy muborakbod etdi.
Tadbirda uzoq yillar davomida akademik litseyda faoliyat yuritgan biologiya fanlari nomzodi, dotsent Zohid Malikovga Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi Toshkent shahar boshqarmasining faxriy yorligʻi topshirildi. Shu bilan birga, akademik litseyning fidoyi ustozlari ham tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar. Zero, Ular oʻz bilim va tajribalari bilan shogirdlar qalbini boyitib, ularning orzulariga yoʻl ochib bergan qadrli insonlardir.
Tantanali tadbir davomida ustozlarga bayram tuhfasi sifatida diltortar qoʻshiqlar ijro etildi va olqishlarga sazovor boʻldi.
Shuningdek, akademik litsey oʻquvchilari tomonidan ham ijro etilgan sheʼrlar, qoʻshiqlar va jozibador raqslar esa barcha ustozlarga va oʻquvchi-yoshlarga oʻzgacha zavq bagʻishladi hamda ustozlar tomonidan ularga boʻlgan cheksiz minnatdorchilik va hurmat ramzi sifatida qabul qilindi.
Bundan tashqari, Toshkent davlat tibbiyot universiteti 1- sonli akademik litsey hayotidan olingan qiziqarli sahna koʻrinishlari yigʻilganlar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi. Shogirdlar tomonidan taqdim etilgan badiiy chiqishlar ustozlarga munosib sovgʻa boʻlib, ularning jonkuyar mehnatini yanada yuksaltirishda ilhom baxsh eta oldi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, ustozlarimiz – xalqimiz maʼnaviyati va kelajagining mustahkam poydevori. Ularning bebaho xizmatlari hamisha eʼtirof etilishi, qadrlanishi va koʻprikka aylanishi kerak. Har bir ustozning qalbidagi mehr va mehnat barcha shogirdlar hayotida yorugʻ va foydali yoʻl boʻlib xizmat qiladi.
Zulxumor AKBAROVA