Insonlarga ilm oʻrgatish, maʼrifat ziyosini tarqatish, nihoyatda savobli amallardan biri. Bunday masʼuliyatli vazifaga loyiq boʻlgan insonlarning darajasi ham beqiyos. Zero, har qanday bilimli inson ustoz qoʻlida taʼlim oladi va tarbiya topadi. Bugun biz biron-bir kasbni egallab, Vatan va el koriga yarayotgan ekanmiz, avvalo, ulardan minnatdor boʻlmogʻimiz lozim.
Mustaqil Oʻzbekistonimizning soʻngi paytlarda iqtisodiyot, madaniyat, sport hamda taʼlim sohalaridagi muvaffaqiyatlari bugungi kunda jahon davlatlarini lol qoldirmoqda.
Yaqinda boʻlib oʻtgan “Parij-2024” olimpiadasida yosh sportchilarimizning erishgan gʻalabalari ustoz va murabbiylarining yuksak mahorat sohibi ekanligini butun dunyoga koʻrsatdi. Shunday ekan, yurtimizda ustozlarimizga qaratilgan hurmat-ehtirom, eʼtiborning yuqori darajadaligi, vatanimizning buyuk kelajagini bunyod etayotgan kasb egalarini ragʻbatlantirilishining bir koʻrinishi sifatida baholashimiz mumkin.
Maʼlumki, 1-oktyabr “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” sifatida koʻtarinkilik bilan umummilliy bayram sifatida nishonlab kelmoqda. Yosh avlodni komil inson etib tarbiyalash yoʻlida mehnat qilayotgan oʻqituvchi va murabbiylarimizni qancha ardoqlasak, hurmat qilsak oz. Eʼtirof etish joizki, bu ulugʻ zotlarning mashaqqatli, ammo sharafli mehnati qadrlanib kelayotgani kelajak avlodga boʻlgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik ifodasidir. Ustoz faqat taʼlim berish bilan cheklanmasdan koʻp hollarda qoqilganda yoʻl koʻrsatadi, muammolarga qanday oson yechim topishni oʻrgatadi. Shuning uchun ham ustozni qadrlash unga hurmat koʻrsatish har bir insoning burchidir. Hazrat Alisher Navoiy quyidagi misralarida haq edilar:
Haq yoʻlida kim senga bir harf oʻqutmush ranj ila,
Aylamak boʻlmas ado oning haqin yuz ganj ila.
Mamlakatimiz oldida turgan eng muhim maqsad-vazifa: taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga kirishdir. Hozirgi globallashuv jarayonida yurtimizda tinchlikni saqlash, iqtisodiy, siyosiy va maʼdaniy oʻsishni taʼminlash nafaqat hukumatimiz, balki yoshlarning ham asosiy vazifalari hisoblanadi. Bu borada hukumat va yoshlar oʻrtasidagi koʻprik vazifasini bajarib beruvchi ustoz va murabbiylarga juda katta masʼuliyat yuklatilgan.Yutimizda ustozlarni eʼzozlab, “Oʻzbekiston Qahramoniʼʼ, “Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi”, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi”, kabi faxriy unvonlar joriy etilgan. Vatanimizda ustozlarni qadrlab doimo hurmat-ehtirom koʻrsatib kelmoqda.
Ustozlarning ushbu mehnatlari samarasi oʻlaroq bugun jahonda Oʻzbekiston deb atalmish mustaqil davlatning nufuzi kundan kunga ortib bormoqda.Fursatdan foydalanib, vatanimiz jamiyatimiz fidokorlarini 1-oktyabr “Ustoz va murabbiylar kuni” bilan muborakbod etaman.Hurmatli ustozlar hamisha qadringiz baland boʻlsin. Mashaqqatli va sharafli ishlaringizda yaratgandan kuch-gʻayrat tilayman. Sizlar doim yurtimiz ardogʻidasiz aziz ustozlar.
Ehtiyotxon Ibragimova, FarDU dotsenti.
Husanjon IDRISOV, FarDU dotsenti.