Biroq televizor yoki ijtimoiy tarmoqlarda oʼz oʼqituvchisini haqorat qilgan, baʼzan qoʼl koʼtarish darajasigacha borib yetgan oʼquvchilar haqida xabarlar tarqalyapti. Kasbim – shifokor. Pedagog boʼlmasam-da, bizga oʼqituvchilar taʼlim-tarbiya berdi, ularning beminnat mehnati tufayli oʼqidik, odam boʼldik, elda obroʼ qozondik.
Donishmad xalqimizda “Ustoz otangdan ulugʼ” naqli bor. Buning zamirida chuqur maʼno mujassam. Muallim va ustoz-murabbiylarga qoʼl koʼtarish, hurmatsizlik qilish va ularni haqoratlash muqaddas dinimizda ham qoralangan. Mutasaddi tashkilotlar oʼqituvchilarni qadrlash maqsadida turli targʼibot-tashviqot ishlarini olib borayotgani quvonarli, biroq bunday ishlarni yanada koʼpaytirish maqsadga muvofiq.
Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, biz – ota-onalar uyda farzandlarga tarbiya berar ekan, muallimlarni eʼzozlash, ularga ehtirom koʼrsatishni ham oʼrgatishimiz kerak. Zero, oʼz ustozini hurmat qilmagan odam obroʼ-eʼtibor qozonolmaydi.
Toshpoʼlat Аshurov









