Ustyurtda ilk bor 4 300 metr chuqurlikdan tabiiy gaz qazib olindi

    Energetika 16 Yanvar 2021 638

    Ustyurt regionidagi «Quyi Surgil» konidagi 14-sonli quduqning 3 700 metr chuqurligida yangi tabiiy gaz qatlamlari aniqlandi.

    Olingan yangi geologik maʼlumotlarni tahlil qilish jarayonida, “Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislari tomonidan ushbu maydonning quyi Yura yotqiziqlarida ilgari maʼlum boʻlmagan, yangi tabiiy gaz qatlamlari aniqlandi.

    «Quyi Surgil» koni hududida aniqlangan yangi qatlamlarning istiqbollarini baholash maqsadida, soha mutaxassislarini jalb etgan holda, ushbu quduqni 4 300 metr chuqurlikkacha burgʻilashga qaror qilindi.

    Belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida, «Quyi Surgil» konidagi 14-quduq 4 300 metrga samarali burgʻilandi va 3 700–4 300 metr oraliqda yangi aniqlangan istiqbolli qatlamlarni sinash ishlari amalga oshirildi.

    Sinov ishlari natijasida quduqdan sanoat miqyosidagi tabiiy gaz va gaz kondensati mahsulotlari olishga erishildi.

    Dastlabki tezkor maʼlumotlarga asosan, olingan mahsulotlarning hajmi sutkasiga 900 ming kub metrdan ortiq tabiiy gaz va 20 tonnaga yaqin gaz kondensatini tashkil qiladi.

    Hozirda quduqda yangi tabiiy gaz uyumlarining bosimlarini va kon-geologik parametrlarini aniqlash hamda uning sanoat miqyosida ishlab chiqarish quvvatlarini baholash maqsadida, geologik-tadqiqot ishlari olib borilyapti.

    «Quyi Surgil» konining ostki chuqur qismida tabiiy gaz zaxiralariga ega boʻlgan yangi qatlamlarning aniqlanishi “Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislari uchun geologiya-qidiruv va konlarni oʻzlashtirish borasidagi yangi yoʻnalishlarni ochib berishi bilan bir qatorda, Ustyurt regioni boʻyicha tabiiy gaz va gaz kondensati zaxiralarini oʻstirishga ham zamin yaratdi,deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.