Uxlab qolgan haydovchi YXTga uchradi

    Sirdaryoda haydovchi uxlab qolishi oqibatida toʻxtab turgan yuk mashinasi tagiga kirib ketdi. Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi holat yuzasidan maʼlumot berdi.

    Qayd etilishicha, holat shu yilning 19-iyun kuni soat 05:30 larda Sardoba tumani hududidan oʻtuvchi M-39 avtoyoʻlining 931-km.da sodir boʻldi.

    Toshkent-Termiz yoʻnalishi boʻylab harakatlanayotgan “Neksiya 1” rusumli avtomashina haydovchisi boshqaruv payti uxlab qolib, yoʻl chetida turgan “MAN” rusumli yuk mashinasiga urildi.

    Hodisa oqibatida haydovchi va yoʻlovchi jarohat olib, tibbiyot birlashmasiga yotqizildi.

    Hozirda holat yuzasidan Sardoba tumani IIB xodimlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.