Uy-joy va ipoteka bozori yanada rivojlantiriladi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni (PF-26-son, 21.02.2025-y.) qabul qilindi.

    Farmonga koʻra, 2025-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi:

    • hududlarda jami 8,1 million metr kvadratdan iborat 135 ming kvartirali uy-joylarni qurish;
    • ipoteka kreditlari boʻyicha dastlabki badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sonini 1,5 baravarga oshirish va mazkur maqsadlarga Davlat byudjetidan 2,5 trillion soʻm yoʻnaltirish;
    • uy-joy va ipoteka bozorini moliyaviy resurslar bilan taʼminlash uchun 20,9 trillion soʻm miqdoridagi ipoteka kreditlarini ajratish;
    • “Yangi Oʻzbekiston” va boshqa massivlarda koʻp kvartirali uy-joylarni barpo qilishda ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarini aylanma mablagʻlar bilan taʼminlash uchun Davlat byudjetidan 700 milliard soʻm hamda tijorat banklarining oʻz mablagʻlari hisobidan 3,0 trillion soʻm miqdoridagi mablagʻlarni yoʻnaltirish.

    2025-yilda “Yangi Oʻzbekiston” va boshqa massivlarda koʻp kvartirali uy-joylar qurishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi.

    2025-yil 1-martdan “Yangi Oʻzbekiston” massivlari uchun yangi hududlar urbanizatsiya tamoyillariga muvofiq tanlanadi.