Uy-joyga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etiladi

    Hukumat 22 May 2020 2631

    Prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilar bilan boʻlib oʻtgan yigʻilishda Andijon viloyati aholisining turmush sharoitlarini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

    Joriy yilda viloyatda 6 ming 196 ta – oʻtgan yilgiga nisbatan 2 barobar koʻp uylar qurilmoqda.

    Davlatimiz rahbari uy-joyga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etib, Andijon viloyatida 819 ta oilaga subsidiya ajratish zarurligini taʼkidladi.

    Bu yil 642 kilometr avtomobil yoʻli, 85 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari qurilishi va taʼmirlanishi belgilandi.

    Taʼlim sifatini yaxshilash, oʻquvchilarni 7-sinfdan qiziqqan kasbiga yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Bu kelgusida ularning bandligini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi.

    – Meni eng koʻp oʻylantiradigan masala – yoshlar va xotin-qizlar. Ularga eʼtibor, koʻmak kerak. Bilimi, qoʻlida kasb-hunari boʻlsa, hayotda oʻz oʻrnini topib ketadi, dunyoqarashi ham boshqacha boʻladi. Ota-onasi, oilasi ham davlatdan rozi boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Turizm va axborot texnologiyalarini rivojlantirish, jinoyatchilikning oldini olish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

    Yigʻilishda Bosh vazir oʻrinbosarlari, tarmoq rahbarlari hisobot berdi. Videoaloqa orqali tuman hokimlari va faollarning fikrlari eshitildi.