Mazkur tarixiy ahamiyatga ega Qonun ijrosining ilk natijalari koʻrina boshladi.
Xususan, joriy yilning 1-aprel kuni respublikada birinchi boʻlib Jondor tumanidagi 5 nafar fuqarolarning yakka tartibdagi uy-joylariga va ular joylashgan yer uchastkalariga nisbatan huquqlarini eʼtirof etish boʻyicha xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashining qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror Jondor tuman hokimi, Buxoro viloyati adliya boshqarmasi hamda Kadastr agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi rahbariyati tomonidan oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Qonun bilan fuqarolar va tadbirkorlarning mulkka boʻlgan huquqlari tan olinadi, bozorda qonuniy kapital aylanmasi paydo boʻladi, fuqarolar oʻrtasidagi mulkiy nizolar, shu jumladan meros bilan bogʻliq nizolarga yechim topiladi.
Shuningdek, aholining ijtimoiy muammolari (doimiy roʻyxatga qoʻyish, moddiy yordam olish, maktab, bogʻchaga joylashtirish) hamda bino va inshootlarni kommunal tarmoqlarga ulash boʻyicha masalalar hal boʻladi.
Qonun ijrosi doimiy nazoratga olingan boʻlib, respublikaning barcha hududlarida reja-grafik asosida huquqlarni eʼtirof etish boʻyicha mahalliy Kengashlarning qarorlari qabul qilinadi.
Ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida batafsil axborotni https://etirof.kadastr.uz sayti orqali olishingiz mumkin.