Tan olish kerak, uy-joylarga xizmat koʻrsatish tizimi anchayin eskirdi, boshqaruvda sansolarliklar vujudga keldi, aholi bilan shirkatlar oʻrtasidagi munosabatlar yomonlashdi. Bu albatta, aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Xoʻsh, qanday yoʻl tutsak, bu kabi salbiy holatlarning oldini olamiz? Anchayin dolzarb va kechiktirib boʻlmaydigan ushbu masala yuzasidan 26-aprel kuni Prezidentimiz koʻp kvartiralik uylarni boshqarish tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 37 ming 402 ta koʻp qavatli uy, ularda 1 million 300 mingdan ortiq xonadon bor. Bu uylarning 68 foiziga shirkatlar, 24 foiziga boshqaruv kompaniyalari xizmat koʻrsatadi, 8 foiz uylar esa mulkdorlar tomonidan umuman boshqarilmaydi.
Uy-joy mulkdorlari shirkatlari 4 ming 430 ta boʻlib, shundan atigi 1 ming 350 tasi yoki 30 foizi yaxshi ishlaydi, xolos. Qolgani oʻrta va ogʻir sharoitda. Oʻrganishlarda aniqlanishicha, toʻlovlar boʻyicha tariflarning norentabelligi, hisob-kitoblarning shaffof emasligi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining eskirgani muammolarga sabab boʻlmoqda.
Koʻp shirkatlar oʻz vazifasini bajarmaydi, buning uchun ularda kadrlar yetishmaydi. Oqibatda xonadon egalarining shirkat va boshqaruv kompaniyalariga ishonchi yoʻqolgan. Badallarning toʻliq yigʻilmasligi tufayli debitorlik qarzdorligi oshib ketgan.
Davlatimiz rahbari koʻp qavatli uylarda yashovchi odamlarni qiynab kelayotgan bu kabi oʻtkir masalaga eʼtibor qaratib, xizmat koʻrsatish tizimini yaxshilash boʻyicha mutasaddilarga zarur tavsiyalar berdi va muhim vazifalar qoʻydi. Xorij tajribasi asosida koʻp kvartiralik uylarga xizmat koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining hududiy boshqarmalari huzurida koʻp kvartiralik turar joy fondini taʼmirlash jamgʻarmasini tashkil etish, uni 35 foiz respublika byudjeti, 35 foiz mahalliy byudjet va qolgan 30 foizini mulkdorlar toʻlovidan jamgʻariladigan mablagʻlar hisobidan shakllantirish rejalashtirildi.
Aholining yashash sharoitlari, uy-joylarga xizmat koʻrsatish tizimi muhim hayotiy masalaga aylanayotgan ekan, bu muammolarni hal etishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan tortib, mahalliy kengash deputatlari ham faollik koʻrsatishi bugungi kunning muhim talabidir.
Mavluda Ibragimova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati