Uyali aloqa virtual operatorlari hamda tele- va radiokanallarga davlat bojini toʻlashda imtiyozlar beriladi

    Raqamlashtirish 2 Iyun 2023 1050

    Senatning qirq birinchi yalpi majlisida “Telekommunikatsiyalar sohasida ayrim faoliyat turlarini amalga oshirganlik uchun davlat boji miqdorlari maqbullashtirilishi munosabati bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Qonun bilan uyali aloqa virtual operatorlari (provayderlar) faoliyatini kengaytirish maqsadida ular tomonidan radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari xizmatlarini koʻrsatishi natijasida undiriladigan davlat boji miqdorlari kamaytiriladi.

    Ushbu sohada faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 25 000 baravari miqdorida davlat boji undirilishi belgilab qoʻyilyapti.

    Shu bilan birga, agar uyali aloqa virtual operatori tomonidan navbatdagi yillik davlat bojini toʻlash davridan oldingi moliya yilida koʻrsatilgan koʻchma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari xizmatlarining qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 million baravaridan oshgan taqdirda, ushbu uyali aloqa virtual operatori daromadining 1 foizi miqdorida qoʻshimcha davlat boji toʻlanishi belgilanyapti.

    Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, bugungi kunda respublikamizda oʻz telekommunikatsiya tarmogʻiga ega 5 ta mobil aloqa bazaviy operatori xizmat koʻrsatib kelyapti. Radiochastota resursiga ega boʻlmagan 1 ta virtual mobil aloqa operatori mavjud.

    Senatorlarning taʼkidlashicha, Qonunning qabul qilinishi natijasida uyali aloqa virtual operatorlari faoliyatini kengaytirishga va ularning faoliyat koʻrsatishi uchun adolatli raqobat muhiti yaratishga erishiladi.

    Senat Raisining soʻzlariga koʻra ushbu Qonunni ham sohadagi tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, mavjud muammolarni yechishga qaratilgan navbatdagi qadam deb koʻrish mumkin.

    Jumladan, oʻzini mustaqil aloqa tarmogʻiga ega boʻlmagan uyali aloqa virtual operatorlarga (provayder) litsenziya berganlik uchun davlat boji miqdorini yuqoriligi mazkur sohada tadbirkorlik faoliyati bozor qoidalari asosida rivojlanishini cheklab qoʻyadi.

    Davlat bojini sezilarli kamaytirilishi sohadagi tadbirkorlar ixtiyorida qoʻshimcha mablagʻlar qolishi bilan birga, taqdim etilayotgan imtiyozlar virtual mobil aloqa bozorining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga va mamlakatimizda yangidan yangi xorijiy investitsiyalar kiritish orqali telekommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun imkon beradi.

    Mazkur ragʻbatlantirish choralari orqali tadbirkorlik subyektlariga yengillik berilib, xususiy teleradiokanallar tashkil etilishiga va teledasturlarni sifatli kontentlar bilan toʻldirishga erishiladi.

    Tahlillarga koʻra, hududlardagi xususiy telekanal va radiokanallar oʻz teleradiodasturlarini efirga uzatish hamda moddiy-texnik bazalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlashda ayrim moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelyapti.

    Shu bois Qonun bilan teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish etish) tarmoqlarini loyihalashtirganlik, qurganlik, ulardan foydalanganlik va ularning xizmatlarini koʻrsatganlik uchun toʻlanadigan davlat boji miqdorlari 50 foizga kamaytirilyapti.

    Bunda tele- va radiokanallarning moliyaviy imkoniyatlarini yaxshilashga, yaʼni 4,1 milliard soʻmga yaqin pul mablagʻlarini xususiy teleradioeshittirish subyektlari faoliyatini rivojlantirishga erishiladi.

    Qonun bilan davlat bojini undirishda yana bir qoʻshimcha imtiyoz berilib, unga koʻra, yillik undiriladigan davlat bojining miqdori teng ravishda yilning har choragida boʻlingan holda toʻlash mexanizmi yaratiladi.

    Senatorlar ushbu Qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlariga yengillik berish bilan birga, xususiy teleradiokanallar tashkil etilishiga va teledasturlarni sifatli kontentlar bilan toʻldirishga xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Qizgʻin muhokamadan soʻng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.