Axborot xizmati tarqatgan postda, jumladan, shunday deyiladi:
Hurmatli ota-onalar!
Kuni kecha III chorakdan barcha maktablarda oʻquv jarayonlari toʻliq anʼanaviy shaklga oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarnoma ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab tushunmovchilik va eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda.
Aytish joizki, mamlakatimizda maktablar 2020-yil sentyabr oyidan sanitar-epidemiologik talablarga javob bergan holda bosqichma-bosqich faoliyatini tikladi.
Qishki taʼtildan avval, respublika oʻquvchilarining 90 foizi anʼanaviy taʼlimga qaytdi. Qolgan 10 foiz oʻquvchilarni ham kelajagiga befarq boʻlmay, ularni ham maktab taʼlimiga bevosita qamrab olish maqsad qilingan edi.
Xalq taʼlimi vazirligi havotirga oʻrin yoʻq ekanligini, uyida kasallik tarqalishiga havotir katta boʻlgan, keksa odamlari bor hamda salomatligida surunkali xastaligi boʻlgan oʻquvchilarning taʼlim olishi uchun parallel ravishda “Onlayn-maktab” loyihasi ham davom ettirilishini maʼlum qiladi.
Bunday oilalar avvalgi chorakdagidek oʻqishlarini uyidan davom ettirishlariga imkoniyat yaratiladi.
Aziz ota-onalar!
Oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomalarda ularga karantin davrida oʻqituvchilari va tengdoshlari bilan oʻzaro bevosita muloqot yetishmagani aniqlandi.
Maktabga bormayotgan oʻquvchilar esa afsuski, ana shunday imkoniyatdan mahrum boʻlib qolmoqda, bola uchun doʻstlari bilan doimiy muloqotda boʻlish va ular bilan bir jamoa boʻlib taʼlim olish juda muhim, hech qanday eng zamonaviy texnologiya aynan shu muhitni bola uchun taʼminlab bera olmaydi.
Shu oʻrinda farzandini maktabga yubormaydigan ota-onalardan, ularning vaqtini besamar oʻtkazmasliklari hamda uyda taʼlim olishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib, ularni toʻliq nazoratga olishlarini soʻrab qolamiz.