“Lison ut tayr” ga tishim oʻtmas hayhot,
Mendan nolasin qizgʻanar ul “Munojot”.
Nechun sirin soʻylamas devona Majnun,
Oʻz-oʻzimni tanimasdan qildim faryod:
– Balki nafsin yengolmagan bir quldirman,
Hazrat Navoiyni bilmas gʻofildirman.
Koʻhna gʻazal marjonlarin tizolmayman,
Biroq “Qaro koʻzim” dan dil uzolmayman.
Menga yoʻlni koʻrsatarmi, qani Hudhud,
Nechun gʻaflat devorini buzolmayman...
Ummonlarga talpingan bir sohildirman,
Hazrat Navoiyni bilmas gʻofildirman.
Adam sahrosida choʻkkan kemadirman,
Yulgʻunlarga dardin aytgan nagʻmadirman.
Fitrat, Choʻlpon, Qodiriyman, Avloniyman,
Alamli bir kuydan toʻlib boradirman:
Ne gʻussalar yutgan bir aziz gildirman,
Hazrat Navoiyni bilmas gʻofildirman.
Oybek domla koʻzlarida yosh edim men,
Boʻgʻzida qotgan ul faryod – tosh edim men,
Porso Shams, Aziz Qayum, Najmiddin Komil
Soʻzlaridan yuksalgan Bardosh edim men:
Xazinadan bexabar mahzun guldirman,
Hazrat Navoiyni bilmas gʻofildirman.
Besh qitʼaning sadosi bor “Xamsa” yigʻlar,
Ellar, tillar, irqlar toʻzir, qalbim tigʻlar.
“Odami ersang...” Farhodni chorla, xalqim,
Asl obi gavharing top, oʻssin millat!!!
Ona tilim, seningsiz qaro kuldirman,
Hazrat Navoiyni bilmas gʻofildirman.
Hushyor boʻl, yurtim, bahoring isi kelur,
Chuchmomalar chayqalib kulgusi kelur,
Uygʻoning, ey jadidlar, ey yigit-qizlar!
Olam bir sadoga evrilgusi kelur:
– Men Oʻzbekman, arslon yurak-la keldim man,
Hazrat Navoiyga voris hur eldirman!!!
Badrligʻ tun, omonliq kun-la toʻldim man,
Hazrat Navoiyga voris hur eldirman!!!
Muxtasar TOJIMAMATOVA