Uygʻoq fikr tarbiyasi yoxud yangi Renessansni bunyod etish yoʻlidagi saʼy-harakatlar

    Maʼnaviy yangilanish yoʻlidan boryapmiz. Yurtimizda xalq orzusini roʻyobga chiqarish, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish uchun salmoqli ishlar boshlangan. Buning uchun uygʻoq fikr tarbiyasi juda muhim.

    Gap shu haqda borganida, Prezidentimiz sharq donishmandlari fikriga asoslanib, “Eng katta boylik — bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros — bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik — bu bilimsizlikdir”, deganida naqadar haq ekani yaqqol namoyon boʻladi. Yangi Oʻzbekistonni taraqqiyot bosqichiga koʻtarishda ana shunday bilimli, iqtidorli, fikri uygʻoq, vatanparvar, har jihatdan komil yoshlarga tayanamiz.

    Prezident taʼlim muassasalari agentligi rahbari Hilola UMAROVA bilan suhbatimiz mamlakatimiz kelajagiga hissa qoʻshishga tayyor, bilimli, salohiyatli yoshlarni tarbiyalaydigan yangi tizim, bugungi taʼlimdagi islohotlar haqida boʻldi.

    — Soʻnggi yillarda “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan gʻoya asosida taʼlim tizimi tubdan isloh qilinyapti. Bu borada Prezidentimizning qator farmon va qarorlari eʼlon qilindi. Shundan kelib chiqib, isteʼdodli bolalarni tanlash, ularni toʻgʻri yoʻnaltirish, qobiliyatini rivojlantirish, intellektual salohiyatini namoyon etishga koʻmak beradigan taʼlim tizimini yaratishga katta eʼtibor qaratilmoqda, — deydi H. Umarova. — Davlatimiz rahbari 2018-yili Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi chogʻida “Mamlakatimizni yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarishni oʻz oldimizga ustuvor vazifa qilib qoʻygan ekanmiz, buni amalga oshirish uchun bizga, eng avvalo, yangi avlod kadrlari kerak”, degan edi. Ana shu ezgu niyat va maqsadlar natijasi oʻlaroq, tez surʼatda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi.

    Maqsad ilgʻor xalqaro tajriba va texnologiyalardan foydalangan holda, vatanparvar, bilimli yoshlarni tarbiyalaydigan maskan yaratish edi. Shunday taʼlim muassasalari bugun yurtimizning har bir viloyatida faoliyat yuritmoqda. Oʻtgan yili Prezident maktablarining ilk qaldirgʻochlari — 96 nafar bitiruvchisining aksariyati dunyoning nufuzli 100 taligiga kiradigan oliy oʻquv yurtlaridan taklif oldi. Oʻquvchilarimiz 17 million AQSH dollariga yaqin grantni qoʻlga kiritdi. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali 20 nafarga yaqin oʻquvchimiz ayni paytda dunyoning nufuzli oliy oʻquv yurtida tahsil olmoqda. Bitiruvchilarimizning 65 foizi agentlik tasarrufidagi “Yangi Oʻzbekiston” universitetida tahsilni davom ettiryapti. Buning negizida, albatta, salohiyatli, uygʻoq fikrli kadrlarni yetishtirish maqsadi yotibdi.

    Prezident maktablarida oʻqitish xalqaro “STEAM — taʼlim” dasturi asosida olib boriladi. Bunday dasturlar boʻyicha bilim berish innovatsion yangiliklarga yoʻl ochadi. Maktabda oʻquvchilarning akademik salohiyatini, ijtimoiy faolligini va olgan bilimlarini amaliyotda qoʻllash malakasini oshirish, yetakchilik koʻnikmasi, notiqlik sanʼatini rivojlantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, hayotga qatʼiy ishonchni shakllantirishga eʼtibor qaratilmoqda. Bu, oʻz navbatida, har bir voqelikka ogohlik bilan qaraydigan, ona yurti taraqqiyotiga oʻzini daxldor sezadigan uygʻoq fikrli yangi avlod kamolga yetishiga xizmat qiladi.

    — Taraqqiyot strategiyasida oʻqituvchilarga yaxshi sharoit yaratish, yangi maktablar barpo etish, mavjudlarining moddiytexnik bazasini mustahkamlash, milliy taʼlim dasturini ishlab chiqish kabi qator vazifalar belgilangan. Oʻtgan davr mobaynida Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi taʼlim maskanlarida bu borada qanday ishlar amalga oshirildi?

    — 2020/2021 oʻquv yilida yurtimizdagi umumtaʼlim maktablari bitiruvchilarining qariyb 30 foizini oliy taʼlimga qamrab olish imkoniyati mavjud boʻldi. Oʻtgan oʻquv yili yakunlariga koʻra, agentlik tizimidagi 4 ta Prezident maktabini 96 nafar, 6 ta ijod maktabini 160 nafar va 3 ta ixtisoslashtirilgan maktabni 165 nafar oʻquvchi muvaffaqiyatli tamomladi. Oʻtgan yili bitiruvchilarimiz 100 foiz oliy taʼlimga qamrab olindi. Bu ham barchamiz uchun quvonarli koʻrsatkich.

    Iqtidorli oʻquvchilarga oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun barcha shart-sharoit yaratilmoqda. Mazkur ishlar doirasida olimlar, mahalliy va xorijiy oʻqituvchilarni jalb etgan holda ixtisoslashtirilgan maktablarning ixtisoslik fanlari, jumladan, matematika, informatika, fizika, chet tilidan integratsiyalashgan taʼlim dasturlari ishlab chiqilgan boʻlsa, kimyo, biologiya hamda ijod maktablari uchun ona tili, adabiyot va chet tili fanlari boʻyicha dasturlar ustida ish olib borilmoqda. Shu qatorda 7- va 11-sinflar uchun maxsus adabiyot, 7-sinf uchun matnshunoslik darsliklari tayyorlanib, ijod maktablarida tajriba-sinovdan oʻtkazilyapti.

    Prezidentimizning oʻtgan yili 19-iyuldagi “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida qator muhim vazifalar belgilandi. Ulardan bir qanchasi bugun oʻz ijrosini topgan. Xususan, ijod maktablarida mahorat darslari, zamonaviy va milliy kasb-hunarga yoʻnaltiruvchi toʻgaraklar yoʻlga qoʻyilishi, maktablarning nafaqat mahalliy, balki nufuzli xorijiy kutubxona va gazeta-jurnallarga biriktirilishi shular jumlasidandir.

    Shuningdek, ijod maktabi oʻquvchilarining ijodiy ishlari toʻplam sifatida, ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilarining kichik ilmiy izlanishlari kitob shaklida muntazam tarzda chop etilib, jamoatchilikka taqdim etilmoqda.

    Agentlik “Digital Generation Uzbekistan” nodavlat notijorat muassasasi hamda “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda “Raqamli avlod” loyihasining IT yoʻnalishi boʻyicha metodika ishlab chiqdi hamda imkoniyati cheklangan, alohida taʼlimga ehtiyojmand 100 nafar bola uchun inklyuziv IT taʼlim kurslari tashkil etdi.

    Yurtimizda ilk marotaba pedagog kadrlarni ishga qabul qilish boʻyicha elektron tizim orqali ochiq tanlov oʻtkazildi. Xususan, agentlik tizimidagi maktablarga pedagog kadrlar job.piima.uz sayti orqali ishga qabul qilindi. Joriy yilda faoliyat boshlagan P rezident maktablariga 115 nafar xorijlik mutaxassis, shuningdek, 357 nafar mahalliy oʻqituvchi tanlov asosida ishga jalb etildi.

    Yakuniga yetgan oʻquv yilida agentlik tizimidagi taʼlim muassasalarida malaka toifasiga ega pedagoglar ulushi amaldagi 49 foizdan 80,5 foizga, xalqaro sertifikatga ega pedagoglar ulushi 12,1 foizdan 50 foizga yetkazildi. Maktablarimizning moddiy-texnik taʼminoti boʻyicha ham ancha ishlar bajarildi. Jumladan, 2022-yilning oʻzida barcha Prezident maktablarining laboratoriya xonalari zarur jihozlar bilan taʼminlandi. Foydalanish uchun avtobuslar berildi.

    Ibroyim Yusupov, Muhammad Yusuf, Hamid Olimjon va Zulfiya, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktablarini kapital taʼmirlash va qoʻshimcha binolar qurish ishlari davom etmoqda. Natijada yangi oʻquv yilidan 100 oʻrinli oʻquv binosi, 650 oʻrinli oʻquvchilar turar joyi, 3 ta oshxona, 2 ta sport zali, 1 ta zamonaviy kutubxona binosi oʻquvchilar ixtiyoriga topshiriladi.

    Oʻquvchilarga yaratilayotgan shart-sharoit bilan bir qatorda, pedagog kadrlar malakasini oshirish ham muhim yoʻnalishlardan. Bu yil Andijon viloyatida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi filiali binosi ham foydalanishga topshiriladi.

    Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabining qurilish-taʼmirlash ishlari natijasida mazkur ijod maktabi oʻquvchilari uchun koʻplab yangiliklar joriy etildi. Masalan, dizayn, drama, mediaxonalar tashkil etilib, zamonaviy texnika bilan jihozlandi. Sanasak, salmoqli natijalarimiz bisyor. Shu bilan birga, oldimizda hal etilishi zarur koʻplab masalalar mavjud. Jumladan, bu oʻquv yilida yangi bunyod etiladigan ixtisoslashtirilgan maktablar hisobiga safimiz yanada kengayadi, “Yangi Oʻzbekiston” universitetida yangi yoʻnalishlar ochiladi.

    14 ta Prezident maktabiga jami 41943 nafar, ijod maktablariga 4576 nafar talabgor hujjat topshirgan.

    Agentlik tizimida yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablarga bugungi kunga qadar 279675 ta ariza kelib tushgan. Talabgorlar soniga eʼtibor qiling. Quvonarlisi, maktablarimizda xalqimizning yuzlab farzandlari oʻz bilimini oshirmoqda. Ular oʻqishga qabul qilinmay qolgan holatda ham bilimi ortishi shubhasiz. Shunday ekan, eng zoʻr oʻquvchilarni tanlab olganimizdan keyin ularga taʼlim berish jarayonida ham bor kuch-gʻayratimizni sarflashimiz, halollik, fidoyilik, sadoqat, harakatchanlik bilan ishlashimiz kerak.

    — Davlatimiz rahbarining shu yil 14-apreldagi “Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻini kengaytirish toʻgʻrisida”gi farmonida viloyatlar markazlarida ikkitadan, tuman va shaharlarda bittadan ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilib, ularda Prezident maktablarida shakllangan zamonaviy va ilgʻor metodikaning joriy etilishi koʻzda tutilgan. Bu borada bajarilayotgan ishlar xususida toʻxtalsangiz.

    — 2019-yilda yurtimizda 271 ta ixtisoslashtirilgan maktab bor edi. Prezidentimizning aniq fanlar va xorijiy tillarni oʻrgatishga oid tashabbusi natijasida matematika va fizika fanlari boʻyicha 126 ta, kimyobiologiya boʻyicha 87 ta, axborot texnologiyalari yoʻnalishida 99 ta, xorijiy tillar boʻyicha 207 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil qilindi. Ayni paytda birgina Prezident taʼlim muassasalari agentligi huzurida 14 ta Prezident maktabi, 3 ta tayanch ixtisoslashtirilgan maktab hamda 9 ta ijod maktabi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 2022/2023 oʻquv yilida agentlik tizimida yangi tashkil etilgan 168 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyatini boshlayapti. Yana 25 ta maktab qurilish jarayonida. Shu yil 17-yanvarda davlatimiz rahbari ixtisoslashtirilgan taʼlim qamrovini kengaytirish va sifatini oshirish boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda: “Bu Agentlikni faqat 14 ta maktab uchun tuzganimiz yoʻq. U Prezident maktablaridagi muhitni, metodikani boshqa maktablarga ham olib kirishi kerak”, dedi. Shu bois, yangi oʻquv yilidan boshlab viloyatlar markazidagi, yirik shahar va tumanlardagi ikkitadan, kichik tuman va shaharlardagi bittadan ixtisoslashtirilgan maktab Xalq taʼlimi vazirligidan Prezident taʼlim muassasalari agentligiga oʻtkazilishi va agentlik tizimida faoliyat koʻrsatayotgan ixtisoslashtirilgan maktablar yurtimizdagi boshqa shu kabi taʼlim maskanlari uchun lokomotiv vazifasini bajarishi belgilab berildi.

    Bu maktablarni bir tashkilotdan boshqa tashkilotga oʻtkazish bilan hech narsa oʻzgarmaydi. Ularga malakali oʻqituvchilar kerak. Chekka hududlarga borib hamma ham dars bermaydi. Oʻsha yerdagi oʻqituvchilarning eng salohiyatlilarini saralab olib, ularga treninglar oʻtib, agentligimiz huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazida malakasini oshiryapmiz.

    Bu maktablarda muayyan fanlar ixtisoslashtirilgan holda chuqur oʻqitiladi. Oʻquv ishlari ham nazariy, ham amaliy jihatdan uygʻun olib boriladi. Bu esa yurtimiz uchun yetuk mutaxassislar, ilm-fanni yuksaltirishga hissa qoʻshadigan iqtidorli olimlar yetishib chiqishiga xizmat qiladi.

    Agentlik tomonidan xorij tajribasi oʻrganilgan holda, ixtisoslashtirilgan maktablar uchun integratsiyalashgan taʼlim dasturlari ishlab chiqildi. Biz bu jarayonda AQSH, Rossiya singari davlatlarning taʼlim dasturlari, International Baccalaureate, SAT kabi imtihonlar, PISA, TIMSS, PIRLS xalqaro baholash dasturlari mazmunini tahlil qilib, milliy taʼlim dasturining eng afzal jihatlari bilan uygʻunlashtirdik. Bugun mazkur taʼlim dasturlari xalqaro darajada tan olinishi uchun UK ENIC xalqaro tashkiloti bilan muzokaralar oʻtkazyapmiz. Mazkur dasturlar yangi tashkil etiladigan ixtisoslashtirilgan maktablarda joriy qilinadi.

    — Qaysi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan? Buning samarasi nimalarda koʻrinmoqda?

    — Prezident taʼlim muassasalari agentligi koʻplab xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. Jumladan, Prezident maktablarida taʼlim va imtihon jarayonlarini tashkil etishda Cambridge Assessment International Education tashkiloti, ingliz tili oʻqituvchilari malakasini oshirish doirasida Nottingem Trent universiteti, “Yangi Oʻzbekiston” universitetini jahonning yetakchi universitetlari qatoriga kiritish s trategiyasini ishlab chiqishda Times Higher Education tashkiloti, oʻqituvchilar malakasini oshirish, seminartreninglar oʻtkazish kabi masalalar yuzasidan Teamcoach International tashkiloti, oʻquvchilar almashinuvi dasturlari, Kardeş okullar doirasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasida Turkiya Milliy taʼlim vazirligi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

    Bundan tashqari, Nukus, Namangan, Xiva, Toshkent, Guliston, Samarqand, Fargʻona, Jizzax va Termiz shaharlaridagi Prezident maktablari Cambridge Assessment International Education tashkiloti akkreditatsiyasidan oʻtdi. Ayni paytda qolgan 5 ta Prezident maktabi akkreditatsiyadan oʻtish jarayonida.

    Mazkur tashkilot oʻquv jarayonida hamkorlik qilish bilan birga, maktab faoliyati hamda oʻqitish sifatli tashkil etilgani koʻrsatkichlari asosida maktablarni xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazadi. Undan muvaffaqiyatli oʻtish maktablarning ushbu tashkilot tomonidan tan olinganini bildiradi.

    Prezident taʼlim muassasalari agentligi hamda Cambridge University Press and Assessment tashkiloti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik oʻrnatildi. Nottingem Trent, Portsmut universitetlari bilan hamkorlikda ixtisoslashtirilgan va ijod maktablarining ingliz tili oʻqituvchilari malakasini oshirish, maktab rahbar kadrlari uchun taʼlim boshqaruvi sohasida oʻquv kurslarini tashkil etishga kelishildi. Buyuk Britaniya, Italiya, Turkiya va Hindiston kabi davlatlarning taʼlim vazirliklari vakillari bilan oʻzaro hamkorlik boʻyicha muzokaralar olib borildi. Oksford hamda Glazgo universitetlari bilan oʻtkazilgan muzokaralarda ushbu oliygohlarni “Yangi Oʻzbekiston” universiteti uchun xorijiy strategik hamkor sifatida jalb qilish imkoniyati muhokama etildi.

    “Hallfield Inclusive SEND school” inklyuziv taʼlimga yoʻnaltirilgan maktab bilan inklyuziv taʼlim dasturlari, oʻquv rejalari, oʻqituvchilar almashinuvi hamda oʻquvchilar uchun yangi standartdagi metodik yondashishlar borasida hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

    Shuningdek, Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi P rezident maktablari Universitetlar kengashi (College Board) aʼzosiga aylandi. Mazkur kengashga aʼzo boʻlish bilan Prezident maktablari uning dasturlari va axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi.

    — Oʻqituvchilar malakasini oshirish boʻyicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

    — Maktab maʼmuriyati va pedagog xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish maqsadida Cambridge Assessment tashkiloti bilan Kasbiy rivojlantirish dasturi imzolandi. Shuningdek, rahbar va pedagog kadrlar uchun uzluksiz malaka oshirish kurslari hamda metodologik, oʻquv seminarlari tashkil etildi.

    Agentlik YUNESKO hamda International Development Research Centre xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda taʼlim tizimida mavjud muammolarni bartaraf etish mavzusida ilmiy-amaliy tadqiqot oʻtkazdi. Mazkur tadqiqot natijalari kasbiy mahoratni oshirish dasturining asosiga aylandi. 2021-yil 7-dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Prezident taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori imzolangani yana bir yutugʻimiz boʻldi. Mazkur markaz faoliyati yoʻlga qoʻyilishi agentligimizga bildirilgan yuksak ishonch. Boshqa tomondan, zimmamizga yana bir katta masʼuliyat yuklaydi.

    Iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlash jarayoni har birimizdan salohiyatimizni oshirib borishni talab qiladi. Bitiruvchilarimizning nafaqat oliy taʼlim bilan 100 foiz qamrab olinishiga erishishimiz, balki barchasini faqat davlat granti talabiga munosib tayyorlashimiz va bunga erishish uchun bor imkoniyatimizni, pedagogik mahoratimizni ishga solishimiz zarur.

    Yuqorida qayd etganimizdek, endi “mahorat markazi”miz ham bor. U yerga agentlik tizimidagi va xorijlik xalqaro ekspertlarni, mutaxassislarni jalb etish koʻzda tutilgan. Shunday ekan, bor imkoniyatdan foydalanib, “hayot davomida oʻqish” tamoyiliga tayangan holda malakamizni muntazam oshirib borishimiz darkor. Joriy yilda malaka toifasi, ilmiy salohiyat boʻyicha koʻrsatkichlarni 80 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz.

    — Bugun Prezident maktablarini bitirayotgan yoshlar xorijning eng ilgʻor oliy oʻquv yurtlariga grant asosida qabul qilinmoqda. Bu tizim qanday yoʻlga qoʻyilgani haqida maʼlumot bersangiz. Ilgari ham shunday tizim bormidi?

    — Prezident maktabi va ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchilariga oʻz yoʻnalishlarini toʻgʻri belgilash, oliygohlar haqida maʼlumot berish, hujjatlarini rasmiylashtirishda amaliy yordam koʻrsatish, mahalliy va xorijiy oliy oʻquv yurtlariga hujjatlarni toʻgʻri yuborish maqsadida maktab maslahatchisi lavozimi joriy etildi. Oʻquvchilarga taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha individual maslahatlar berish, ularni dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridagi nufuzli oliy oʻquv yurtlari haqidagi maʼlumotlar bilan tanishtirish, oliygohlarga hujjat topshirish va roʻyxatdan oʻtish boʻyicha kerakli tavsiyalar berish, ehtiyoj yuqori kasblar bilan tanishtirish va ularga yoʻnaltirishda maktab maslahatchilarining ahamiyati katta. Shuningdek, oʻquvchilarimizning dunyoning eng nufuzli oliy oʻquv yurtlaridan taklif olishi va grant qoʻlga kiritishi zamirida malakali maktab maslahatchisining xizmati beqiyos. Mazkur dastur sinovdan muvaffaqiyatli oʻtgach, ijobiy tajriba umumtaʼlim maktablariga translyatsiya qilinishi koʻzda tutilgan. Bu ishlar esa oʻquvchilarimizga kelajakda oʻz yoʻlini topishga katta imkoniyat yaratadi.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Risolat MADIYEVA suhbatlashdi.