Agar siz yotoqda uzoq yotsangiz, uxlab qolasiz. Bu rostmi?

Afsona. Mutaxassislar sog‘lom uxlashga oid taqiqlar haqida gap ketganda, bu mavzuga eʼtibor bilan to‘xtalishadi. "To‘shakda, hatto ko‘zingizni yumgan holda ham, 15-20 daqiqadan ko‘proq vaqt davomida yotish yomon odat bo‘lib, u miyangizni uxlab qolmaslikka o‘rgatadi. Bu esa surunkali uyqusizlikka olib kelishi mumkin", deydi klinik psixolog va soha mutaxassisi Maykl Grandner.

Arizona universiteti va Taksondagi Banner Universiteti tibbiyot markazida uyqu va sog‘lik bo‘yicha tadqiqot dasturi va Uyqu tarzi tibbiy klinikasi rahbari Grandnerning fikriga ko‘ra, "Bu aqlga zid, ammo yotoqda uyg‘oq vaqt o‘tkazish to‘shakni tish shifokori kursisiga aylantiradi".

"Siz to‘shak sizning sevimli restoraningiz kabi bo‘lishini xohlaysiz, uning ustida yaqinda ovqatlangan bo‘lsangiz ham, o‘zingizni och his qilasiz, – deb qo‘shimcha qildi u. – Siz o‘zingiz to‘shakka shunday vazifani yuklab qo‘yasiz."

Tunda uyg‘onib ketganda smartfoningizni tekshirmang

Bu haqiqat. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, uxlashdan bir soat oldin va butun tun davomida yotoqxonadan smartfonlarni (yoki ko‘k chiroq chiqaradigan har qanday elektr moslamani) taqiqlash yaxshi uyqu uchun zarurdir. Yorug‘lik tanaga tabiiy uyqu yordami bo‘lgan melatonin ishlab chiqarishni to‘xtatishga majbur qiladi. Tadqiqotlar esa ko‘k yorug‘lik uyqu uchun, ayniqsa, zararli ekanini ko‘rsatadi.

Shuning uchun 20 daqiqalik uyqusizlikdan keyin yotoqdan turganingizda yorqin nurdan, televizor tomosha qilishdan yoki ijtimoiy tarmoqlarni tekshirishdan saqlaning. Buning o‘rniga, chiroqlarni xira tuting va paypoqlarni taxlash kabi boshqa mashg‘ulotlar bilan band bo‘ling. Yaxshisi, ong ostini tinchlantirish va o‘zingizni uyquga tayyorlash uchun ushbu usullardan birini qilishga harakat qiling.

Itingiz yoki mushukingiz to‘shagingizda uxlashiga yo‘l qo‘ymasligingiz kerak

Aslida, bu o‘zingizga bog‘liq. Yaqingacha uyqu bo‘yicha har qanday mutaxassisning bu savolga javobi "yo‘q" edi. Ammo bugungi kunda baʼzi ekspertlar, hech bo‘lmaganda, yoqimtoy uy hayvonlarini quchoqlab uxlashning afzalliklarini ham taʼkidlashmoqda.

Janubiy Kaliforniya universiteti qoshidagi Kek tibbiyot fakulteti klinik tibbiyot dotsenti, uyqu bo‘yicha mutaxassis doktor Raj Dasgupta: "Uy hayvonlari qaytishmoqda", deydi. - "Halovatsizlik, depressiya yoki travmadan keyingi stress bilan og‘rigan odamlar uchun to‘shakda it yoki mushuk do‘stlari bo‘lish uyquni yaxshilashda foydali bo‘lishi mumkin."

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bolalar ham uy hayvonlari bilan birga uxlashlari mumkin. Ammo kamuyqu odamlar sog‘liq uchun zararli bo‘lgan juda ko‘p "vaqti-vaqti bilan uyg‘onishlar" tufayli uyqusida buzilish sodir bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda, uy hayvonlari egalari kechalari uy hayvonlarini polda saqlashlari yoki yotoqxonadan butunlay taqiqlashlari kerak deb hisoblashlari mumkin.

Kechqurun mashq qilish uyquni buzadi

Bu avvallari haqiqat deb hisoblangan afsona, dedi Dasgupta.

"Hozirgi maʼlumotlar shuni ko‘rsatadiki, har qanday vaqtda jismoniy mashqlar salomatlik uchun doimo foydali bo‘lib, mashq qilmaslikdan ko‘ra yaxshiroq va bu stressni kamaytirishga yordam beradi, bu esa uyquga yordam beradi", dedi u. "Tunda mashq qilmaslik haqidagi maʼlumotlar Olimpiya sportchilari tipidagi mashqlar kabi ekstremal mashqlarni bajarayotgan bo‘lsangizgina yordam beradi xolos".

2011 yilda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, yotishdan oldin 35 daqiqa mashq qilgan odamlar, umuman mashq qilmagan kechalari kabi yaxshi uxlaydilar. Agar tunda mashq qilish uyquga taʼsir qilsa, mutaxassislar kechki payt mashq qilishni maslahat berishadi, shunda yurak urish tezligi va tana harorati uxlaydigan vaqtgacha normal holatiga qaytishi mumkin.

"Agar siz mendan mashq qilish uchun eng zo‘r vaqt qachon ekanligini so‘rasangiz, menimcha, ertalab va kunduzi tashqarida degan bo‘lardim. Bu sirkadiya ritmini tiklaydi va kunni energiya bilan boshlashingizga yordam beradi", dedi Dasgupta. "Ammo tungi mashg‘ulotlar siz uchun qulay bo‘lsa, juda soz."

Dam olish kunlarida uxlab qolishingiz mumkin

Kim bunga ishonmaydi? Afsuski, ilm-fan bu noto‘g‘ri ekanini aytmoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, shanba yoki yakshanba kuni ertalabki uyqudan keyin o‘zimizni yaxshi his qilishimiz mumkin, ammo bu bizning umumiy uyqu salomatligimizga zarar keltiradi. Dam olish kunlarida (yoki kundan-kunga) uyg‘onish va uxlash vaqtini o‘zgartirish orqali uyqu ritmlarini oldindan aytib bo‘lmaydi, bu esa tananing sirkadiya ritmini o‘zgartirishi mumkin.

"Siz barabanchi guruh uchun ritmni hisoblagandek ishonchli ritm yaratmoqchisiz", dedi Grandner. "Uyg‘onish va uxlash vaqtini nazorat qilish orqali siz zarbani o‘rnatasiz."

Har kuni bir vaqtning o‘zida, hatto dam olish kunlarida, taʼtilda yoki yomon uyqudan keyin yotish va turish orqali bu afsonani yenging.

"Miya muntazamlik va oldindan his qilishni yaxshi ko‘radi", deya qo‘shimcha qiladi u. "Har kuni bir vaqtning o‘zida uyg‘onish va uyg‘onganingizdan so‘ng darhol yorug‘lik va harakatni uyg‘unlashtirish kun uchun boshqa ritmlaringizni harakatga keltiraadi va sizga energiya va kayfiyat bag‘ishlaydi."

Malikaxon Rajabova tayyorladi.