Xoja Abdulloh Tugʻdor maqbarasi 1840-yilda bunyod etilgan boʻlib, vaqt oʻtishi bilan nuray boshladi va bu tarixiy majmuaning toʻliq buzilishi va yoʻqolishi xavfini yuzaga keltirdi. 2021-yilning mayida “UzAuto Motors” butun mahalliy aholi uchun qadrli boʻlgan muqaddas joyni tiklash va unga avvalgi goʻzallik hamda ulugʻvorlikni qaytarish haqida qaror qabul qildi. Qiymati 2 milliard soʻmga teng boʻlgan loyihani amalga oshirish “Avtosanoat Injiniring” strukturaviy qurilish kompaniyasiga topshirildi. U oʻz navbatida majmuani tiklash uchun butun Oʻzbekistondan arxitektura yodgorliklarini restavratsiya qilish boʻyicha mutaxassislarni jalb etdi.
Xoja Abdulloh Tugʻdor qabri va uning tevaragidagi inshootlar toʻliq restavratsiya qilinib, binolarning yoʻqotilgan qismlari qayta tiklandi, ziyoratchilar qulayligi uchun esa yozgi mavsum uchun soya qiluvchi moslamalar oʻrnatildi.
2022-yil 7-maydagi majmuaning tantanali ochilishida viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov boshchiligida Andijon viloyati administratsiyasi delegatsiyasi, “Oʻzavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov va korxona rahbariyati ishtirok etdi. Tadbirda soʻz olganlar arxitektura yodgorligini qayta tiklashda kompaniya va uning xodimlari hissasi katta boʻlganini taʼkidladi.
“Biz haqli ravishda amalga oshirilgan ishdan faxrlanishimiz mumkin. Ushbu tarixiy va madaniy nuqtayi nazardan muhim loyiha natijasida muqaddas qadamjo andijonliklar va shahar mehmonlarini yana oʻziga chorlay boshlaydi”, — deb taʼkidladi oʻz nutqida Shavkat Umurzoqov.
UzAuto, ijtimoiy masʼuliyatli kompaniya boʻlgani holda, kelgusida ham Oʻzbekiston madaniy va maʼnaviy merosi yodgorliklarini saqlab qolishga yordam beruvchi shu kabi loyihalarda ishtirok etishni davom ettiradi, deb xabar beradi “UzAuto Motors” AJ Matbuot xizmati.