UzAuto Motors Cobalt modelini rasmiy dilerlar orqali sotishni boshladi

    “UzAuto Motors” AJ 3-noyabr kuni sotuvga qoʻyilgan 100 ming dona Chevrolet Cobalt modelining 20 833 donasi uchun toʻlov amalga oshirilganini, qolgan shartnomalar bekor qilinganini maʼlum qildi.

    Shundan kelib chiqib, kompaniya Cobalt modelini toʻlov muddati oʻtganidan keyin rasmiy dilerlar orqali sotishni boshladi.

    Endilikda onlayn tizim orqali xarid qila olmagan xaridorlar istagan Chevrolet dileridan Cobalt avtomobilini sotib olishi mumkin. Mijozlar oʻziga qulay dilerlik markazini tanlab, mavjud avtomobillardan birini olish, shuningdek, qoʻshimcha jihozlarni kafolatga ziyon yetkazmagan holda joyida oʻrnatish imkoniyatiga ega.

    Hozirgi kunda barcha dilerlik markazlaridagi sotuvlar “UzAuto Motors”ning yagona tizimi orqali rasmiylashtiriladi. Har bir shartnomada uning haqiqiyligini tasdiqlovchi QR-kod mavjud.

    Kompaniya maʼlumotiga koʻra, 2025-yil 20-noyabr holatiga 2 624 dona Cobalt dilerlik tarmogʻiga yetkazilgan, shundan 1 969 tasi sotilib, mijozlarga topshirilgan. Yana taxminan 6 000 dona avtomobil dilerlarga yetkazilmoqda.

    “UzAuto Motors” dilerlik markazlaridagi sotuvlar onlayn platforma orqali xarid qilingan avtomobillarni oʻz vaqtida topshirish jarayoniga taʼsir qilmasligini taʼkidladi.

    Noyabr oyiga moʻljallangan avtomobillarning yarmidan koʻpi allaqachon egalariga topshirilgan. Kompaniya 15-dekabrga qadar dekabr–yanvar oylari uchun rejalashtirilgan barcha avtomobillarni topshirishni rejalashtirmoqda.

    Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda Cobalt avtomobillari sotuvi bilan bogʻliq goʻyoki korrupsiya holatlari haqida tarqalgan xabarlar tekshirilib, muallif tomonidan hech qanday fakt taqdim etilmagani aniqlandi. Kompaniya asossiz maʼlumotlar “UzAuto Motors” va rasmiy dilerlar obroʻsiga putur yetkazishini maʼlum qilib, tekshirilmagan maʼlumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.

    Kompaniya mijozlardan dilerlik markazlarida qandaydir noqonuniy harakat yoki tovlamachilik holatlariga duch kelsa, bu haqda darhol “UzAuto Motors” Komlens xizmatiga murojaat qilishini soʻradi.