“UzAuto Motors” kompaniyasi yana xaridorlariga murojaat bilan chiqdi

    Transport 19 Yanvar 2022 943

    “UzAuto Motors” kompaniyasi oʻz xaridorlariga murojaat qilarkan, pandemiya oqibatidan dunyo avtomobil ishlab chiqaruvchilari tobora zarar koʻrayotgani, hatto bir nechta tarmoqlar oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlganini taʼkidladi.

    Ayniqsa, yarimoʻtkazgichlarning global yetishmovchiligi butun jahon avtomobil sanoatiga oʻz taʼsirini oʻtkazdi. Mikrosxemalar yetishmovchiligi “UzAuto Motors” kompaniyasi uchun yagona boʻlgan GM yertifikatiga ega avtomagnitola ishlab chiqaruvchi “Humax” korxonasini ham chetlab oʻtmadi.

    Koreya ishlab chiqaruvchisi avtomagnitolani yetkazib berishni nomaʼlum muddatga toʻxtatganligi haqida rasmiy xat bilan “UzAuto Motors”ga murojaat qilgan.

    Shundan kelib chiqib, “UzAuto Motors” kompaniyasi avtomobillarni yetkazib berish muddatining uzayishi, konveyerlarning toʻxtab qolishi hamda ishchi oʻrinlarning qisqarishini oldini olish uchun avtomobillarni magnitolasiz ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchi.

    Joriy yilning 19-yanvar kunidan avval tuzilgan shartnomalar boʻyicha “Chevrolet Lacetti” va “Cobalt” avtomobillari “Humax” kompaniyasi tomonidan komponentlarni yetkazib berishdagi uzilishlar sababli, mijozlarga magnitolasiz yetkazib beriladi.

    “Xaridorning roziligi bilan amalga oshiriluvchi ushbu majburiy choraning qoʻllanilishi yuzlab isteʼmolchilarga uzoq kutilgan avtomobillarni yaqin orada yetkazilishini taʼminlaydi”, deyiladi murojaatda.

    Kompaniya ushbu vaziyatdan chiqish uchun magnitolasiz avtomobil xaridorlariga ikkita variant taklif etdi:

    – Ishlab chiqaruvchi tomonidan magnitola qurilmasi hamda uning oʻrnatilish xarajatlarining qoplanishi bilan yaqin orada oʻz avtomobilini magnitolasiz olish.

    Xohishga koʻra, bozordan oʻzingizga yoqqan xohlagan turdagi avtomagnitolani UzAuto Motors rasmiy dilerlarida oʻrnatish bilan avtomobilga berilgan kafolat yoʻqotilmaydi.

    – Avtomobilni keyinchalik tekin qayta jihozlash bilan magnitolasiz olib ketish. Ishlab chiqaruvchi tomonidan magnitola yetkazib berilgandan soʻng, avtomobilni qayta jihozlash.

    Kompaniya xaridorlardan uzr soʻraydi. Noqulaylikni minimallashtirish va har qanday vaziyatda murosa qilish uchun imkon qadar barcha ishlarni qiladi.