Shvetsiya Harbiy Akademiyasining hamda Garvard universitetining oliy menejment programmasi bitiruvchisi, Stokgolm universitetining biznes boshqaruvi bakalavri boʻlmish Bu Andersson avtomobilsozlik sohasidagi eng ilgʻor top-menedjer boʻlib, avtomobilsozlik sohasidagi faoliyatini 1987-yildan Shvetsiyaning “Saab Automobile AB” kompaniyasida boshlaydi.
1993-yildan 2009-yilgacha xarid yoʻnalishida turli raxbar lavozimlarni egallagan va 2001-2009-yillarda “General Motors”ning global xarid boʻlinmasiga rahbarlik qilgan.
2009-yildan 2013-yilgacha “Gruppa GAZ” korxonasiga prezident etib tayinlanadi. Bu davrda Andersson “Gruppa GAZ” biznesini zarardan barqaror foydaga olib chiqishga erishadi.
2014-yildan 2016-yilgacha “AvtoVAZ” OAJ prezidenti etib tayinlanadi. “Gruppa GAZ”da boʻlgani kabi, Andersson “AvtoVAZ”da ham toʻliq transformatsiyani amalga oshirdi.
“AvtoVAZ”ni tark etgach, Andersson eng yirik avtomobil butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchilaridan biri boʻlgan “Yazaki Europe, Africa, North & South America” korporatsiyasiga 4 yil rahbarlik qiladi.
Adam Smit xalqaro avtomobil forumida Bu Andersson Rossiya avtomobilsozlik sanoatida “2010-yilning eng yaxshi yetakchisi” deb topiladi. 2011-yilda Andersson Yevropa avtomobilsozlik sanoatining eng muvaffaqiyatli rahbarlarini aniqlash uchun “Automotive News Europe” tomonidan har yili oʻtkaziladigan “Eurostars” mukofotida “Rivojlanayotgan bozorlar boʻyicha Yevropa avtomobil sanoatining eng yaxshi yetakchisi” deb topiladi.
2012-yilda Bu Andersson Yevropaning avtomobilsozlik sohasidagi yetakchi nashriyoti boʻlgan “Automotive Supply Chain”dan “GAZ Gruppasi”ni inqirozdan keyin moliyaviy holatini tiklagani va Rossiyaning yengil tijoriy vositalar bozorida kompaniyaning yetakchiligini taʼminlagani uchun “Eng yaxshi yutuqlar” mukofotiga sazovor boʻladi.
Bu Inge Andersson MDH mamlakatlaridagi avtomobil konsernlarini boshqarish va inqirozlar davrida erishgan muvaffaqiyatlari va katta tajribasi “UzAuto Motors” va “UzAuto Motors Powertrain” kompaniyalariga yarimoʻtkazgichlar tanqisligi va logistika muammolari bilan bogʻlik global inqirozlarini eng kam yoʻqotish bilan yengishga, hamda ishlab chiqarishni rivojlantirish va modernizatsiyalashning yangi yoʻnalishini egallashga imkon beradi.
***
“UzAuto Motors” AJ va “UzAuto Motors Powertrain” AJ Oʻzbekiston avtomobilsozlik sanoatidagi davlatga qarashli “Oʻzavtosanoat” AJning yirik shoʻba korxonalari boʻlib, “General Motors” bilan texnik litsenziya shartnomasi asosida “Chevrolet” yengil avtomobillarini ishlab chiqaradi.
2018-yildan boshlab “UzAuto Motors” yirik trasformatsiya jarayonini boshdan kechirib, zarardan barqaror foyda keltiradigan biznesga aylandi. 2020-yildagi pandemiyaga qaramasdan, “UzAuto Motors” oʻz ishlab chiqarishini 281 ming dona avtomobilga oʻstririshga erishdi.
2020-yildan buyon “Uzavtosanoat” “Boston Consulting Group” bilan hamkorlikda oʻzining uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqib, 2021-yil aprelida qoʻshma Trasformatsiya Ofisini tashkil etgan.