“Uzauto motors” xavfsizlik talablariga javob bermaydigan 37 ta avtomobilni chaqirtirib oladi — Raqobat qoʻmitasi

    2023-yilda “Uzauto motors” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Lacetti L-Stayle MT” rusumli avtomobil olinganiga 5 oy ham boʻlmasdan nosozligi tufayli yonib ketgan.

    Raqobat qoʻmitasi axborot xizmati maʼlum qilishicha, qoʻmitaga Qoraqalpogʻiston Respublikasidan fuqaro A. D.ga oʻziga tegishli 2023-yilda “Uzauto motors” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Lacetti L-Stayle MT” rusumli avtomobil olinganiga 5 oy ham boʻlmasdan nosozligi tufayli yonib ketganini, lekin ishlab chiqaruvchi tomonidan ushbu holat oʻz vaqtida bartaraf etilmayotgani yuzasidan murojaat qilgan.

    Ushbu murojaat Qoʻmita tomonidan koʻrib chiqilganda holat oʻz tasdigʻini topdi, shuningdek, aynan shu markali (modelli, artikuli) avtomobilda yongʻin chiqishi holati Navoiy viloyatida ham kuzatilganligi aniqlandi.

    Qoʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 14 va 20-moddalari talablari buzilish alomatlari boʻyicha “Uzauto motors” AJ va “PSM-AVTOSAVDO” MCHJlarga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilgan.

    Qoʻmita tomonidan ushbu holat (avtomobilda yongʻin chiqishi) inson hayoti va uning sogʻligʻiga jiddiy ziyon yetkazishi mumkinligi holatlarini inobatga olgan holda, yuqorida qayd etilgan avtomobil bilan bir vaqtda ishlab chiqarilgan 37 ta aynan shu markali (modelli, artikuli) avtomobillarni 10 kunlik muddatda chaqirtirib olinib, texnik koʻrikdan oʻtkazish yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.

    Shuningdek, murojaat qilgan fuqaroga ayni shunday markali yangi avtomobil almashtirib berildi hamda isteʼmolchi talab qoʻygan vaqtdan boshlab oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun avtomobil bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) toʻlashi toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.