“UzAuto Motors”ning xalqaro obligatsiyalariga boshlang'ich foiz stavkasi belgilandi

    Ilk daromadlilik foiz stavkasi 5,375% atrofida baholandi.

    “UzAuto Motors” AJning ilk daromadlilik foiz stavkasi 5,375% atrofida belgilandi. Tashkilotga tegishli korporativ obligatsiyalarning kupon stavkasini belgilash jarayoni bugun, 27-aprel kuni yakunlanishi kutilmoqda.

    “UzAuto Motors” AJning 300 million AQSH dollari miqdorida 5 yil muddatga RegS/144A formatida ilk xalqaro obligatsiyalarini muomalaga chiqarish bo'yicha investorlar bilan roudshou yakunlandi va boshlang'ich foiz stavka e'lon qilindi. Bu haqida Moliya vazirligi axborot xizmati xabar qilmoqda.

    Investorlarning takliflariga asoslangan moliyaviy konsul`tantlarning (Siti, MUFG, Raiffeisen Bank International, Natixis) tavsiyasiga ko'ra, “UzAuto Motors”ning ilk daromadlilik foiz stavkasi 5,375% atrofida belgilandi va London vaqti bilan soat 08:15 da buyurtmalar kitobi ochiq, deb e'lon qilindi. Ayni paytda investorlardan talabnomalar qabul qilinmoqda.

    Ikkilamchi bozor ko'rsatkichlari hamda boshqa omillardan (emitent bilan bog'liq risklar, obligatsiyaning kutilayotgan likvidliligi, bozorning joriy holatidan) kelib chiqib, boshlang'ich foiz stavkalarni e'lon qilishda aksariyat investorlar uchun eng maqbul stavkaning belgilanishi tranzaktsiyada muhim strategik ahamiyat kasb etadi.

    Ma'lumot uchun, joriy yilning 22-26-aprel kunlari bo'lib o'tgan roudshou tadbiri doirasida AQSH, Yevropa, Rossiya Federatsiyasi va Osiyo mamlakatlarining 50 dan ortiq global xalqaro institutsional investorlari ishtirokida telekonferentsiya (Global Investor Call) o'tkazilib, 28 ga yaqin yirik xalqaro investorlar bilan yakkama-yakka uchrashuvlar tashkil etildi va ularning savollariga to'liq javoblar berildi.

    O'tkazilgan uchrashuvlar natijasida tashkillashtiruvchi banklar tomonidan investorlarning dastlabki takliflari yig'ildi hamda sifatli (diversifikatsiya qilingan, uzoq muddat davomida qo'llab-quvvatlaydigan) investorlarni tranzaktsiyaga jalb qilish muhim ahamiyat kasb etishi belgilandi.