Xususan, Oʻzbekiston va Qozogʻistonning ikki yetakchi mashinasozlik kompaniyasi – “Oʻzavtosanoat” AJ va “Allur” kompaniyalar guruhi oʻrtasida “SaryarkaAvtoProm” Qoʻstanay zavodida Chevrolet yengil avtomobillari kichik tugunli (SKD) ishlab chiqarishni tashkil etishni nazarda tutuvchi hamkorlikning yangi bosqichiga oʻtish boʻyicha kelishuvga erishildi. Loyihani amalga oshirish uchun 65 million dollarlik investitsiyalar rejalashtirilgan.
Qozogʻistonda isteʼmolchilarning “Chevrolet” rusumli avtomobillarga boʻlgan yuqori talabini inobatga olgan holda, Qozogʻiston Respublikasida ushbu avtomobillarni ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni yanada rivojlantirishdan oʻzaro manfaatdorlik tabiiy ravishda yuzaga keldi. Kelishuvlar doirasida “SaryarkaAvtoProm” aksiyadorlik jamiyati negizida zamonaviy yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan boʻlib, bu ikki mamlakat iqtisodiyotining mahalliylashtirish va eksport salohiyatini oshirish imkonini beradi. Ikki kompaniyaning sarmoyaviy va iqtisodiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha erishilgan kelishuvlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Shuningdek, Qozogʻiston Respublikasi bilan hamkorlikni kengaytirish doirasida “Oʻzavtosanoat” Qozogʻistonning avtotransport ishlab chiqaruvchi “Qaztehna” MCHJ bilan 15 million dollarlik shartnoma imzoladi. Qozogʻistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turini kengaytirish maqsadida “Qaztehna” negizida SINOTRUK HOWO yuk avtomobillarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Qozogʻiston kompaniyalari bilan erishilgan qator kelishuvlar qishloq xoʻjaligi mashinasozligi sohasida hamkorlikni kengaytirishni oʻz ichiga olgan. “Oʻzavtosanoat” va “Agromashxolding KZ” AJ oʻrtasida Qozogʻiston Respublikasida qishloq xoʻjaligi texnikasini, shu jumladan traktorlarni ishlab chiqarish va sotishni rivojlantirish borasida 15 million dollarlik strategik hamkorlik shartnomasi tuzildi.
Mashinasozlikning asosiy yoʻnalishlaridan tashqari Qozogʻiston kompaniyalari bilan ham Oʻzbekiston Respublikasi avtomobil bozorida zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish boʻyicha 50 million dollarlik kelishuvlarga erishildi.
Belgilab oʻtamiz, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi sanoat kooperatsiyasi bir qator muvaffaqiyatli loyihalarga ega. 2020-yil mart oyidan boshlab UzAuto Motors bilan birgalikda Qoʻstanayda Chevrolet rusumli avtomobillarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, joriy yilda “ SariarqaAvtoProm” zavodi “ SamAuto” kompaniyasi bilan birgalikda SAZ LE 60 rusumli past polli avtobuslarni ishlab chiqaryapti. Bundan tashqari, 2019-yil oktyabr oyidan boshlab UzAuto Motors tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillar Qozogʻistonda eng koʻp sotilgan avtomobillar reytingida yetakchi oʻrinlarni egallab kelyapti, deb xabar beradi “Oʻzavtosanoat” AJ matbuot xizmati.