“Qanot Sharq” xususiy aviakompaniyasi vakillari “Uzbekistan Airports” AJ Axborot xizmatiga AQSHning “Air Lease Corporation” tashkilotidan uzoq muddatli lizing asosida Airbus A320−200 rusumli 2 ta samolyotni foydalanish uchun olganini maʼlum qildi. Maʼlumki, “Air Lease Corporation” kompaniyasi dunyo aviatsiya sohasida havo kemalarini ijaraga berish borasida yetakchi sanaladi, qarorgohi AQSHning Koliforniya shtatida joylashgan.
Oʻzbekistonda ilk xususiy aviakompaniya sanalgan “Qanot Sharq” tasarrufidagi samolyotlarini joriy yil mart oyining ikkinchi yarmida Oʻzbekistonga keltirish va parvozlarini yoʻlga qoʻyishni moʻljallagan. Parvozlar rejasiga koʻra, hududiy aeroportlarimizdan Istanbul, Anqara (Turkiya), Dubay (BAA), Jidda, Madina (Saudiya Arabistoni), Moskva, Sankt-Peterburg (Rossiya Federatsiyasi) i Olmata (Qozogʻiston) kabi shaharlarga havo yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyiladi.
“Uzbekistan Airports” AJ yangi sheriklar bilan jahon standartlariga muvofiq ish olib borishga tayyor. Jumladan fuqaro hamda parvozlar xavfsizligini taʼminlash, havo kemalariga sifatli xizmat koʻrsatish masalasi birinchi navbatdagi vazifa hisoblanadi. Zero, mamlakatimiz aviatashuv sohasida aviakompaniyalar sonining ortishi hisobiga sogʻlom raqobatni shakllantirish, yoʻlovchilarga taqdim etiladigan qulayliklar koʻlamini kengaytirish, Oʻzbekiston havo darvozalaridan keluvchilar, yaʼni sayyohlar oqimini kuchaytirish esa doimiy maqsad boʻlib qolaveradi.
“Uzbekistan Airports” AJ Axborot xizmati