Respublikamiz ichki turizm sohasini rivojlantirish maqsadida “Uzbekistan Airways” AJ joriy yilning 28-martidan boshlab “Samarqand” havo maskanidan Urganch, Fargʻona va Namangan shaharlariga yangi muntazam qatnovlarni amalga oshirib kelmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021-yil aprel oyida “Samarqand” xalqaro aeroporti rekonstruksiyasi bilan tanishganida “eng avvalo, aeroport odamlar uchun qulay boʻlishi, yuqori darajada sifatli xizmat koʻrastishi va tezkor boʻlishi kerak” deya taʼkidlagan edi. Bugungi kunda tashkil etilgan yangi “Samarqand” xabi yoʻlovchilar tashish va samolyotlarga xizmat koʻrsatishning eng soʻnggi zamonaviy standartlariga muvofiq, sekin-asta takomillashtirilmoqda.
Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) talablariga binoan terminallar zamonaviy aviatsiya texnika vositalari va uskunalari bilan jihozlanadi, xodimlar ham xizmat koʻrsatishning yangi tizimlari boʻyicha oʻqitiladi. Bundan tashqari, xorijiy mutaxassislar yurtimizda yangi dastur metodologiyasini moslashtirib joriy etilishiga yordam koʻrsatadi. Ekspertlar fikriga koʻra, aeroport boshqaruvida ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy etish, uni kuchli transport va sayyohlik markaziga aylantirish hamda aviakompaniyalar va aholining talablarini qondirish imkonini beradi.
Bu borada olib borilayotgan saʼy-harakatlarning dastlabki bosqichlardan biri bu – Samarqanddan Urganch, Fargʻona va Namanganga yoʻlga qoʻyilgan muntazam aviaqatnovlar boʻldi. Samarqand-Namangan yoʻnalishidagi aviaparvozlar haftaning chorshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi. Samarqanddan Fargʻonaga qatnovlar esa dushanba va seshanba kunlari bajariladi. Shuningdek, Samarqanddan Urganchga yoʻlovchilar haftaning dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari amalga oshiriladigan qatnovlarda parvoz qilishlari mumkin boʻladi. Mazkur yoʻnalishlar uchun aviachipta narxi 190 000 soʻmdan boshlanadi.
Yoʻlovchilar “Uzbekistan Airways” AJ rasmiy internet sayti orqali joʻnashdan 24 soat oldin ochilib va qatnovdan 120 daqiqa oldin yopiluvchi maxsus onlayn roʻyxatdan oʻtish xizmatidan foydalanishlari mumkin. Shuningdek aviakompaniya rasmiy sayti orqali aviachipta xarid qilib olayotgan yoʻlovchilarga uch foizli chegirma taqdim etiladi.