Uzbekistan Airways mahalliy yoʻnalishlarda qatnovlar sonini koʻpaytirib, parvozlar geografiyasini kengaytirmoqda

    Transport 9 May 2021 601

    Karantin cheklov choralari yumshatilishi bilan “Uzbekistan Airways” AJ respublikamiz boʻylab mahalliy yoʻnalishlarda qatnovlarni bosqichma-bosqich tiklashni boshladi. Shuningdek, aviaqatnovlar sonini koʻpaytirish va ichki yoʻnalishlarda ham parvozlar geografiyasini kengaytirish choralari koʻrilmoqda.

    Anʼanaga koʻra, eng ommabop yoʻnalishlar Toshkentdan Urganchga va Toshkentdan Nukusga amalga oshirilayotgan parvozlardir. Bugungi kunda Toshkent – Urganch hamda Toshkent – Nukus yoʻnalishlarida aviachipta narxi 417 000 soʻmdan boshlanadi. Yuqorida koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha qatnovlar har kuni bajariladi. Istiqbolda Toshkent – Urganch – Toshkent yoʻnalishida qatnovlar sonini koʻpaytirish rejalashtirilangan.

    Aviakompaniya bugungi kunda Toshkentdan Termiz, Buxoro, Samarqand shaharlariga ham muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda. Joriy yilning 14-may sanasidan boshlab esa Toshkentdan Navoiyga qatnovlar tiklanadi.

    Ushbu yoʻnalishlardagi aviachiptalar narxi:

    Toshkent – Termiz – 341 000 soʻmdan. Qatnovlar haftaning dushanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.

    Toshkent – Buxoro – 215 000 soʻmdan. Qatnovlar haftaning chorshanba, shanba va yakshanba kunlari bajariladi.

    Toshkent – Navoiy – 215 000 soʻmdan. Qatnovlar haftaning seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.

    Toshkent – Samarqand – 114 000 soʻmdan, aviaqatnovlar haftaning seshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.

    Aviakompaniya poytaxt Toshkent bilan Fargʻona vodiysi shaharlarini havo qatnovi orqali bogʻlash masalasiga alohida eʼtibor qaratmoqda. Xususan, Fargʻona viloyatiga Toshkent – Fargʻona, Toshkent – Namangan yoʻnalishlarida muntazam qatnovlar amalga oshirilmoqda. Baʼzi sabablarga koʻra bundan bir necha yil oldin toʻxtatib qoʻyilgan Toshkent – Andijon yoʻnalishidagi havo qatnovi joriy yilning 6-aprel sanasidan qayta tiklandi.

    Fargʻona vodiysi shaharlariga aviachipta narxi har bir shahar uchun bir xil – Toshkentdan Fargʻona, Namangan va Andijonga aviachipta narxi – 127 000 soʻmdan.

    Koʻhna Surxon vohasini Fargʻona vodiysi bilan yana-da yaqinroq qilish, ichki turizmni rivojlantirish, qolaversa, ishbilarmon doira vakillariga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida aviakompaniya tomonidan Termiz – Fargʻona yoʻnalishida yangi qatnov yoʻlga qoʻyildi. Shunisi alohida eʼtiborga molikki, mazkur yoʻnalish jadvali har ikkala shahar yoʻlovchilari uchun ham maksimal darajada qulay tuzilgan. Termizdan Fargʻonaga qatnov dushanba kunlari, Fargʻonadan Termizga esa payshanba kunlari amalga oshiriladi.

    Shuningdek, aviakompaniya qatnovlar jadvaliga Samarqanddan respublikamizning boshqa viloyatlariga ham maqbul narxlarda qatnovlar kiritildi. Yoʻlovchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida aviakompaniya Samarqand shahrida ikkinchi xab tashkil etganini alohida eʼtirof etish joiz. Bugungi kunda Samarqanddan muntazam ravishda Toshkentga bajarilayotgan qatnovdan tashqari, uchta shahar Fargʻona, Namangan va Urganchga ham mahalliy aviaqatnovlar bajarilmoqda. Aviachiptalar narxi maqbul va har uchchala yoʻnalishda ham bir xil – 190 000 soʻmdan boshlanadi. Bu oʻz navbatida aholiing mobillik darajasi ortishi va yurtimizda ichki turizmni rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

    Samarqanddan aviaqatnovlar quyidagi kunlarda amalga oshiriladi:

    Samarqanddan Namanganga – chorshanba va shanba kunlari.

    Samarqanddan Fargʻonaga – dushanba, seshanba, juma va yakshanba kunlari.

    Samarqanddan Urganchga – dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari.

    Bundan tashqari, Fargʻona vodiysi va Urganch shaharlari oʻrtasida Samarqand aeroporti orqali yurtimiz boʻylab sayohat qilish uchun qulay tranzit qatnovlar mavjud. Shu bilan birga, Samarqandga borish va qaytish parvozlari respublika shaharlaridan Istanbulga amalga oshiriluvchi qatnovlar bilan qulay tarzda bogʻlangandir. Istiqbolda Rossiya Federatsiyasi shaharlari bilan muntazam aviaqatnovlar tiklangandan soʻng Moskva va Sankt-Peterburgga ham qulay qatnovlar yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.

    Eslatib oʻtamiz, “Uzbekistan Airways” AJ rasmiy sayti orqali aviachipta xarid qilib olinganda 3 foizli chegirma amal qiladi!