“Uzbekistan airways technics” EBZ faoliyatining tartibi belgilandi

    Sanoat 25 Oktabr 2021 814

    Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021-yildagi 652-son qarori bilan “Uzbekistan airways technics” MCHJ erkin bojxona zonasi hududiga tovarlarni olib kirish, olib chiqish, havo kemalarini taʼmirlashda foydalanish, ularni tegishli rejimlarga rasmiylashtirish, shuningdek, ushbu tovarlar va xizmatlar uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Prezidentning “Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 30-apreldagi PQ-5100-son qaroriga muvofiq “Uzbekistan Airways Technics” MCHJning 39 ga maydoni hududida erkin bojxona zonasi (EBZ) tashkil etilgan.

    Qabul qilingan “Uzbekistan airways technics” MCHJ EBZ hududiga tovarlarni olib kirish, olib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizom quyidagilarni nazarda tutadi:

    EBZ hududida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlarining huquq va majburiyatlari;

    bojxona nazoratini taʼminlash talablari va shartlari;

    erkin bojxona zonasi hududiga tovarlarni olib kirish va olib chiqish, tegishli bojxona rejimlariga rasmiylashtirish va havo kemalarini taʼmirlashda foydalanish tartibi;

    EBZ hududiga olib kirilgan va olib chiqilgan tovarlar va xizmatlar uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi.

    Erkin bojxona zonasida:

    xalqaro huquqiy va texnik meʼyorlarga muvofiq barcha xorijiy havo kemalari va ularning alohida agregatlarini taʼmirlash uchun zarur boʻlgan aviatexnika ehtiyot qismlari erkin almashtiriladi;

    mahalliy aviakompaniyalarning havo kemalarini hamda ularning qism va agregatlarini taʼmirlashga zarur boʻlgan aviatexnika ehtiyot qismlari erkin bojxona zonasi chegarasidan chiqmagan holda xarid qilinib, “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan holda foydalaniladi;

    ushbu bojxona zonasiga chetdan keltiriladigan aviatexnika ehtiyot qismlari “erkin bojxona zonasi” bojxona rejimiga rasmiylashtirish orqali joylashtiriladi hamda istisno tariqasida, sertifikatlar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar talab etilmaydi;

    taʼmirlash maqsadida EBZga olib kiriladigan havo kemalarining (shu jumladan, ularning qism va agregatlari) kirib-chiqishida bojxona nazorati ularni tegishli bojxona rejimlariga rasmiylashtirmagan holda amalga oshiriladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 21.10.2021-yildan kuchga kirdi.