Hujjatga koʻra, aviakompaniya avval berilgan sakkizta Boeing 787-9 Dreamliner samolyoti uchun opsionlarni qatʼiy buyurtmaga aylantirdi.
Kelishuv Vashington shahrida boʻlib oʻtgan C5+1 sammiti doirasida imzolandi. Hujjatni Uzbekistan Airways Boshqaruvi raisi Shuxrat Xudoyqulov hamda Boeing kompaniyasining Yevrosiyo va Hindiston boʻyicha savdo va marketing boʻyicha vitse-prezidenti Pol Rigi imzoladi.
Shu bilan, milliy aviakompaniyaning zamonaviy keng fyuzelyajli Boeing 787-9 Dreamliner samolyotlariga boʻlgan umumiy qatʼiy buyurtmasi 22 ta havo kemasini tashkil etdi. Yangi laynerlar Uzbekistan Airwaysʼning xalqaro yoʻnalishlarini kengaytirish va uning jahon aviabozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Imzolash marosimida AQSH savdo vaziri Govard Latnik, Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, shuningdek, ikki davlat rasmiylari ishtirok etdi.









