“Uzbekistan GTL” – choʻl bagʻridagi gigant korxona

    Hukumat 25 Dekabr 2021 7685

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-dekabr kuni Qashqadaryo viloyatidagi “Uzbekistan GTL” zavodiga tashrif buyurdi.

    Bu joy atigi bir necha yil oldin quruq choʻl edi. Qisqa vaqtda bu yerda gigant korxona, kimyo klasteri qad rostladi. Uning qurilishi davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida boʻlib keldi. Prezidentimiz 2017 va 2018-yillarda bu yerga kelib, jarayon bilan yaqindan tanishgan edi. Oxirgi yillardagi pandemiya sharoitida ham ish toʻxtovsiz davom ettirilib, zavod bugun qurib bitkazildi.

    Shavkat Mirziyoyev majmua boʻylab yurib, texnologiyalarni koʻzdan kechirdi.

    Zavod ham qiymati, ham miqyosiga koʻra ulkan. Uning qiymati 3 milliard 420 ming AQSH dollari, binolar maydoni 135 gektar. Qurilishda bir vaqtning oʻzida 13 mingdan ortiq muhandis va ishchilar qatnashgani bu yerda naqadar keng koʻlamli ishlar bajarilganini koʻrsatadi.

    Bunday yirik majmua shu paytgacha jahonda faqat 4 ta davlatda – Qatar, Nigeriya, Janubiy Afrika Respublikasi va Malayziyada barpo etilgan, xolos.

    Zavodda Yaponiya, Koreya, Singapur, AQSH, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy kabi 24 ta davlatdagi 130 ga yaqin yetakchi korxonalarda tayyorlangan 10 mingdan ziyod uskunalar oʻrnatilgan. Texnologik yechimlar, uskuna va jarayonlarni qoʻllash uchun 140 ta xalqaro litsenziya va patentlar olingan. Ularning aksariyati dunyoda yagona va noyob.

    Zavod yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gazni qayta ishlab, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilgʻisi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlash quvvatiga ega. Yana shunday texnologik imkoniyat borki, majmua beshta rejimda ishlay oladi. Qaysi mahsulotga koʻproq buyurtma boʻlsa, shunga moslashib, oʻsha tovar hajmi oshiriladi.

    Prezident mutasaddilarga geologik qidiruv ishlarini chuqurlashtirib, bu yerdagi zavodlar uchun xomashyo zaxirasini kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

    - Bu tarmoqda hali rejalarimiz koʻp. Ularga kafolatlangan xomashyo kerak. Ilgari konni topdik - sotdik. Hozir oʻzimizda qayta ishlab, xalqimizga manfaat keltirishga harakat qilayapmiz. Kelajakda bu yerdagi mahsulotlarga talab oshib boradi. Dunyo “yashil iqtisodiyot”ga oʻtayapti. Shuning uchun yangi geofizik uskunalardan foydalanib, geologik tadqiqotlarni chuqurlashtirish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Bunday ulkan inshootning ishlashi uchun, albatta, katta hajmda energiya zarur. Zavodda bu borada mustaqil tizim barpo etilgan. Yaʼni, ish jarayonida hosil boʻladigan bugʻdan yiliga 650 million kilovatt-soat elektr energiyasi olinadi. Bu orqali zavod oʻzini oʻzi elektr bilan taʼminlaydi. Shuningdek, yaqindagi Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi va endi quriladigan korxonaga ham quvvat yetkazib beradi. Buning evaziga tejalgan elektr energiyasi xonadonlar va tadbirkorlarga yoʻnaltiriladi.

    Davlatimiz rahbari zavodning boshqaruv markazida boʻldi. U yerda ishlab chiqarish, monitoring va xavfsizlikni taʼminlovchi butun tizim boshqarib boriladi. Uni amerikaning Honeywell korporatsiyasi treningida malaka oshirgan yoshlarimiz ishlatmoqda.

    - Zamonaviy bilimlarni egallab, chet tillarini oʻrganib, xorijda tajriba oshirib, mana shunday korxonada ishlayotganingizni koʻrib, juda xursandman. Bilimingiz - eng katta boyligingiz. Mana, hozir qoraqalpogʻistonlik operator yigit bilan gaplashdim: oyligim 15 million soʻm dedi. Bunday yoshlarimiz koʻpayishini istardim. Buning uchun boshqa tengdoshlaringizni ham ilmga, hunarga undab, ortingizdan ergashtiring.

    Toshkent, Navoiy, Fargʻona, Buxoro viloyatlari va Ustyurtda yana 5 ta kimyo texnologik klasterini tashkil etishni boshlaganmiz. Ularda kim ishlaydi? Sizlarga oʻxshagan oʻzimizning qorakoʻzlar, - dedi Prezident ular bilan suhbatda.

    Zamonaviy laboratoriya, texnik suv taʼminoti inshooti ham koʻzdan kechirildi.

    Zavod atrofida ishlab chiqarishni satellit asosida rivojlantirish, ishchilar uchun uy-joylar, sport va madaniyat maskanlari qurish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.