Uzbekistan GTL zavodida sintetik neft ishlab chiqarilishi boshlandi

    Sanoat 19 Iyun 2022 3028

    Joriy yil 15-iyunda Uzbekistan GTL zavodida Oʻzbekiston tarixida birinchi sintetik neft ishlab chiqarilishi boshlandi.

    2022-yil 14-iyunda GTL zavodida sintez-gaz ishlab chiqarilishi toʻlaqonli yoʻlga qoʻyildi. 14-iyundan 15-iyunga oʻtar kechasi ishlab chiqarilgan sintez-gaz birinchi marotaba zavodning yuragi hisoblanmish Fisher-Tropsh reaktorlariga — sintetik suyuqlik ishlab chiqarish qurilmasiga yuborildi. 15-iyun soat 9:14da reaktordagi texnologik jarayonidagi fizik va kimyoviy reaksiyalari natijasida sintetik neft hosil boʻlgani qayd etildi va laboratoriya sinovlari orqali tasdiqlandi. Hozirda sintetik neft oraliq mahsulotni saqlash rezervuariga yuborilyapti.

    Zavodning asosiy ishga tushirish ishlari, shu jumladan 11 mingga yaqin uskuna va asosiy ishlab chiqarish qurilmalarini sinxron ishlashini taʼminlash, shuningdek, ularni toʻliq nazorat qilish va boshqarish “Uzbekistan GTL” zavodining muhandislari va yosh mutaxassislari tomonidan mustaqil ravishda, xorijiy mutaxassislarning toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirokisiz, amalga oshirilyapti.

    “Uzbekistan GTL” zavodi Yangi Oʻzbekistonning neft-kimyo sanoati tarixida sintetik neftning birinchi partiyasini ishlab chiqardi.

    Hosil boʻlgan sintetik neft GTL zavodida sintetik dizel, aviakerosin, nafta va suyultirilgan gazni ishlab chiqarish uchun asosiy xom ashyo hisoblanadi.

    Hozirda ishlab chiqarilayotgan sintetik neft zavodning oraliq mahsulotni saqlash rezervuarlarida toʻplanyapti va tez kunlarda qayta ishlash orqali yuqori sifatli boʻlgan, ekologik toza sintetik suyuq yoqilgʻi mahsulotlari shu jumladan GTL dizel, kerosin, nafta va suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishi boshlanadi.

    Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar birinchi navbatda ichki bozor ehtiyojlarini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston tovar-xomashyo birjasining savdo platformalari orqali sotilishi belgilangan, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

    Ushbu kun Oʻzbekistonda ilk bor sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarishi yoʻlga qoʻyilganligiga ramziy maʼnoda tarixiy kuni hisoblanadi.