"Uzbekistan Media Award 2021": munosiblar aniqlandi va taqdirlandi

    Kecha, 27 dekabr kuni “Oʼzbekfilm” kinokonsernida “UZBEKISTAN MEDIA AWARD 2021” ijtimoiy media mahsulotlar tanlovi gʼolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʼlib oʼtdi.

    Tanlov Oʼzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʼllab-quvvatlash Jamoat fondi mablagʼlarini boshqarish boʼyicha Parlament komissiyasi, Oʼzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi huzuridagi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish agentligi va boshqa bir qator davlat va jamat tashkilotlari bilan hamkorlikda oʼtkazildi.

    Qayd etilishicha, bunda koʼzda tutilgan maqsad OʼzEOАVMА tashabbusi bilan qabul qilingan “Yangi Oʼzbekiston. Yangi nigoh” Milliy media dasturidagi loyihalar doirasida Oʼzbekistonning yangi va yorqin qiyofasini aks ettirish, tomoshabin va tinglovchilar ehtiyojlariga mos, voqea-hodisalarni xolis aks ettiruvchi, rang-barang mavzularni qamrab olgan koʼrsatuvlar, radioeshittirishlar, filьmlar, ijtimoiy video va audioroliklar tayyorlashga eʼtiborni kuchaytirish.

    Tadbirning ochilishida soʼzga chiqqan Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʼllab-quvvatlash Jamoat fondi mablagʼlarini boshqarish boʼyicha Parlament komissiyasi raisi Аdham Shadmanov, Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish agentligi bosh direktorining birinchi oʼrinbosari Dilshod Saidjonov, Oʼzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʼsarov, Oʼzbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi raisi Firdavs Аbduxoliqov va boshqalar joriy yilda Oʼzbekiston media makonida yuz bergan oʼzgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar, soʼz erkinligi, jurnalist va blogerlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida soʼz yuritishgan

    Taʼkidlanishicha, tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligiga bagʼishlangan eng yaxshi media loyiha oʼnalishida rejissyor Furqat Usmonov tomonidan suratga olingan “Inson” koʼp qismli hujjatli filьmi loyiq topilgan.

    2017-2021 yillarda Oʼzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʼnalishi boʼyicha Harakatlar strategiyasining “Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi jarayonlarini yoritishga qaratilgan eng yaxshi media dastur sifatida OʼzEOАVMА Аxborot markazining “Yangilanayotgan Oʼzbekiston” turkum koʼrsatuvlari eʼtirof etilgan. Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga bagʼishlangan eng yaxshi ijtimoiy videorolik yoʼnalishida “Yoshlik kinostudiyasi” DUK munosib topilgan. “Ruxsor FM” radiokanali Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga bagʼishlangan eng yaxshi ijtimoiy audiorolik yoʼnalishida gʼolib chiqqan. Oʼzbekiston madaniy merosi dunyo toʼplamlarida” xalqaro multimedia loyihasi “Yangi Oʼzbekiston. Yangi nigoh” Milliy media dasturi doirasida tayyorlangan eng yaxshi media loyiha deb qayd etilgan.

    Shuningdek, “Yilning eng yaxshi hududiy telekanali”, “Eng faol telejurnalist”, “Eng yaxshi teleboshlovchi”, “Yilning eng kreativ koʼrsatuvi”, “Yilning eng yaxshi radiokanali”, “Eng faol radiojurnalist”, “Yilning eng yaxshi matbuot xizmati”, “Eng yaxshi internet sayt”, “Eng faol bloger”, “Eng tashabbuskor hamkor tashkilot”, “Eng faol homiy” va boshqa qator nominatsiyalar boʼyicha munosib nomzodlar taqdirlandi.