UZCARD va HUMO kartalari uchun terminallar yagona tizimiga oʻtadi

    Raqamlashtirish 13 Aprel 2021 1218

    UZCARD va HUMO oʻzlarining infratuzilmalarini integratsiyalash haqidagi memorandumni imzoladilar. Shu munosabat bilan toʻlov tizimlari terminallari ikkala turdagi kartalarni ham qabul qila boshlaydi.

    13-aprel, 2021-yil, Toshkent — UZCARD va HUMO toʻlov tizimlari hamkorlik toʻgʻrisida Memorandumga imzo chekdilar. Hujjat Oʻzbekistonda naqd pulsiz hisob-kitoblarni takomillashtirishga hissa qoʻshadigan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Imzolangan memorandum doirasidagi ilk loyihaga koʻra, kompaniyalar infratuzilmalarining bosqichma-bosqich integratsiyalashuvi boʻladi.

    «Infratuzilmalarning integratsiyasi karta egalari, banklar va biznes egalariga sezilarli foyda keltiradi. Xaridorlarning savdo nuqtalariga kelgach qaysi terminallardan foydalanish mumkinligi haqidagi oʻylari yoʻqoladi, tadbirkorlar esa ikkala kartadan toʻlovlarni bitta terminal orqali qabul qilishlari mumkin boʻladi. Shuni taʼkidlashni istardimki, UZCARD va HUMO Oʻzbekistonning toʻlov xizmatlari bozorida raqobat muhitini yaratishda davom etadi”, — dedi MBPM direktori Shuhratbek Qurbonov.

    Toʻlov tizimlarining yaqin hamkorligi bozor talablariga tezroq javob berishga va innovatsion yechimlarni yana-da samarali amalga oshirishga imkon beradi. 2021-yil oxiriga qadar terminallar ikkala turdagi kartalarni qabul qilishni boshlashi kutilmoqda.

    «UZCARD va HUMO oʻrtasidagi hamkorlik moliyaviy xizmatlarni fuqarolar uchun qulayroq va arzonroq qilish, shuningdek, mamlakatning chekka hududlarida ham aholining moliyaviy savodxonligini rivojlantirish va yaxshilashga yordam beradi. Bu, oʻz navbatida, kompaniyalarni yangi texnologiyalarni ishlab chiqishga, toʻlov biznesini rivojlantirishga va xizmat koʻrsatish sifatini oshirishga undaydi. Bundan tashqari, bu halol raqobatni rivojlantirishga va moliyaviy texnologiyalar bozorida yangi ishtirokchilarning paydo boʻlishiga yordam beradi», — deya, izoh berdi UZCARD bosh direktori Farrux Ziyayev.

    Shuningdek, memorandum doirasida kompaniyalar quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlik qilishga kelishib oldilar:

    — karta egalari, banklar, toʻlov tashkilotlari va chakana savdo nuqtalarining manfaatlarini himoya qilish;

    — naqdsiz toʻlovlarni ragʻbatlantirish uchun texnologiyalarni takomillashtirish va infratuzilmani kengaytirish;

    — toʻlov infratuzilmasining ishonchliligi va axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish.