Musobaqaning onlayn translatsiyasini kuzatayotgan minglab tomoshabinlar ushbu turnirga boʻlgan eʼtibor yuqori darajada ekanligini koʻrsatmoqda.
Jami 121 ming 500 AQSH dollari miqdoridagi mukofot jamgʻarmasiga ega boʻlgan turnirning “Masters” guruhidagi 2-tur bahslarida quyidagi juftliklar maydonga chiqdi: Hindiston vakili Praggnanandxaa — Shamsiddin Vohidov, Javohir Sindorov — Nodirbek Abdusattorov hamda Erigaysi — Magsudlu. Shular orasida Praggnanandxaa yurtimiz shaxmatchisi Vohidovni magʻlubiyatga uchratgan boʻlsa, qolgan ikki oʻyinda durang natijalar qayd etildi.
“Challengers” guruhida esa 2-turning markaziy bahslaridan birida ozarbayjonlik Nijat Abasov AQSH sharafini himoya qilib kelgan, hozirda esa Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi vakili boʻlgan Gulruhbegim Tohirjonovani magʻlub etdi. Ukrainalik veteran Vassiliy Ivanchuk bilan Abdumalik Muhiddinov oʻrtasidagi oʻyin durang bilan yakunlandi.
“Futures” guruhida 1-turda gʻalaba qozonib, peshqadamlikni qoʻlga kiritgan turkmanistonlik Saparmurat Atabayev navbatdagi turda daniyalik Boris Chatalbashevni qora donalarda yengib, ochkolarini 2 taga yetkazdi va yetakchiligini mustahkamladi. Shu guruhdagi boshqa oʻyinlarda Saidakbar Saydaliyev va Abdimalik Abdisalimov oʻrtasidagi bahsda durang qayd etildi. Ortiq Negmatov oq donalarda gʻalabaga erishgan boʻlsa, Humoyun Bekmurodov esa isroillik Yevgeniy Alekseevga yutqazdi.
Bugun, 22-iyun kuni boʻlib oʻtadigan 3-tur bellashuvlarida quyidagi markaziy uchrashuvlar kutilmoqda:
“Masters” guruhi: Shamsiddin Vohidov – Javohir Sindorov, Yan Nepomnyaщiy – Arjun Erigaysi;
“Challengers” guruhi: Gulruhbegim Tohirjonova – Vassiliy Ivanchuk;
“Futures” guruhi: Saparmurat Atabayev – Ortiq Negmatov, Humoyun Bekmurodov – Saidakbar Saydaliyev.
Hozircha musobaqaning har uchala guruhida ham 2 ochkodan toʻplagan ishtirokchilar peshqadamlik qilmoqda: “Masters”da — Javohir Sindorov, “Challengers”da — gretsiyalik Nikolas Teodoru, “Futures”da — Saparmurat Atabayev.
Eslatib oʻtamiz, 9 turdan iborat “UzChess Cup–2025” musobaqalari 27-iyun kuni yakunlanadi.









