Qayd etilishicha, shu yilgi kuzatishlarning dastlabki tahlillariga koʻra, iyun oyining bugungi kuniga qadar Respublika miqyosida 1 605,4 gektar maydon yoqilishi bilan bogʻliq 213 ta holat aniqlandi. Bu Surxondaryo viloyatida 180 ta (1 324,8 gektar), Sirdaryo viloyatida 17 ta (135,2 gektar), Toshkent viloyatida 3 ta (58,2 gektar), Andijon viloyatida 3 ta (18,5 ga), Fargʻona viloyatida 4 ta (20,4 ga), Jizzax viloyatida 2 ta (21,3 ga) va Buxoro viloyatida 4 ta (27,0 gektar) tashkil etmoqda.
Mazkur vaziyatlar boʻyicha tezkor axborotlar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ekologiya, atrof – muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda boshqa tegishli idoralarga yuborilgan.
Boshoqli don ekinlaridan boʻshagan maydonlarni tez va arzon yoʻl bilan yoʻq qilib yuborishga boʻlgan harakat Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 88-moddasi 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha jarimalar qoʻllanilishiga sabab boʻladi. Zarar miqdori katta boʻlgan taqdirda hattoki jinoiy javogarlikkacha olib borishi mumkin.
Tasavvur qilib koʻring, 1 gektar yer maydonida boshoqli don poyasi yoqilganida, 500 gramm azot oksidi, 379 gramm ulgevodorod, 3 kg kul, 20 kg is gazi va uglerod oksidi gazi atmosferaga tarqaladi. Bu toza havoning ifloslanishi bilan birga inson organizmida sil va saraton kasalliklarini keltirib chiqarishi bilan xavflidir.
Eslatib oʻtamiz, Uzcosmos agentligi ushbu holatlarni sunʼiy yoʻldosh suratlari orqali kunlik monitoring qilib boradi. Ogoh boʻling, mamlakatimizning eng qimmatli resurslaridan boʻlgan qishloq xoʻjaligi ekin yerlariga har qanday turdagi zarar yetkazishdan saqlaning. Barcha jarayonlar nazorat ostida.
Yurtdoshlarimiz shu kabi salbiy holatlarga guvoh boʻlishganida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining 1207 ishonch raqamlariga qoʻngʻiroq qilishlari mumkin, — deyiladi xabarda.